TOSHKENT, 28 iyun — Sputnik. Soʻnggi taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlarida jami 39 052 ta koronavirus bilan bogʻliq holat qayd etilgan.
Qozogʻistonda vaziyat ogʻirligicha qolmoqda. Mamlakat mintaqada holat va oʻlim boʻyicha yetakchilik qilmoqda. Qozogʻistonda oʻtgan kun davomida 461 ta yangi holat tasdiqlangan va birdaniga 16 kishi vafot etgan. Kasallanganlarning umumiy soni 20 780 nafarga yetgan. Shulardan 12 824 nafari tuzalib ketgan. Jami 173 ta oʻlim holati kuzatilgan. Hafta davomida 55 kishi virus qurboniga aylangan. Bundan tashqari, Qozogʻistonda kasallik alomatlarisiz oʻtayotgan bemorlar soni 15 573 nafarga yetgan. Bu ham oʻtgan haftaga qaraganda deyarli bir baravarga koʻproq. Ular alohida qayd etiladi va asosiy statistikaga kiritilmaydi.
Oʻzbekistonda oʻtgan kun davomida 255 ta yangi holat aniqlandi. Shundan 169 tasi karantin muassasalarida, 54 tasi aholi orasida (39 ta Toshkent shahrida, 6 ta Toshkent viloyatida, 4 ta Sirdaryo viloyatida, yana 4 ta Surxondaryo viloyatida, 1 ta Buxoro viloyatida), qolgan 32 tasi esa xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida aniqlangan. Qolaversa, kunlik tuzalish rekordi yangilangan: bir kunda 202 bemor tuzaldi va uylariga kuzatildi.
Aholi orasida koronavirusga chalinish holati biroz oshgan. Masalan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ xodimi, shahar ichki ishlar tizimi xodimi, poytaxtdagi avtosaroy konduktorida koronavirus aniqlangan. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti magistrida (Afgʻoniston fuqarosi), Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashovchi fuqaro va uning 7 nafar oila aʼzosida ham koronavirus tasdiqlangan.
2020 yil 28 iyun soat 10:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilganlar soni 7725 (+43) nafarni tashkil etmoqda.
Respublika boʻylab 5240 nafar (67 foiz) bemor butunlay davolanib chiqqan. Mamlakatda epidemiya boshlangandan buyon 20 ta oʻlim holati kuzatilgan.
Tojikistonda mintaqada eng oxirida (30 aprel kuni) koronavirus aniqlangan edi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, aniqlanayotgan kunlik holatlar 70 taga yetmaydi. Qayd etish joizki, bu mintaqadagi boshqa davlatlarga qaraganda bir necha baravarga kamroq.
Oʻtgan kun davomida 52 kishida koronavirus aniqlangan boʻlsa, 60 kishi darddan forigʻ boʻlgan. Koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 5799 nafarga yetgan. Shulardan 4391 nafari (75,7 foizi) tuzalib ketishga muvaffaq boʻlgan. Qurbonlar soni esa 52 kishini tashkil etmoqda.
Qirgʻizistonda oʻtgan sutka davomida 309 ta yangi holat aniqlangan. Kasallanganlarning umumiy soni 4748 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 2242 nafari (47,2 foizi) COVID-19ni yenggan. 77 ta oʻlim holati kuzatilgan. Bu oʻtgan haftaga qaraganda 10 taga koʻproq.
Qirgʻizistonda koronavirus prezident devonigacha kirib borgan. Jami 26 nafar xodim, jumladan, devon rahbarida ham koronavirus aniqlangan.
Turkmanistonda esa hozirga qadar koronavirus rasman qayd etilmagan va u mintaqadagi infektsiyadan xoli mamlakat boʻlib turibdi.
Butun dunyo boʻylab 10 millionga yaqin kishi koronavirus yuqtirib olgan. 5,4 milliondan ortiq kishi shifo topgan. Qurbonlar soni 500 mingdan oshgan.