TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 143 kishida koronavirus aniqlandi, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 7320 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 70 nafari Karantin markazidagi fuqarolar (barchasi xorijdan kelgan) orasida, 20 nafari Toshkent shahrida (shundan 16 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 4 nafari aholi orasida), 2 nafari Buxoro viloyatida (shundan 1 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 1 nafari aholi orasida) qayd etilgan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 36 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Jami sog‘ayganlar soni 4913 nafar.
Ayni paytda 2407 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Aviachiptalar xarid qilishga shoshilmang
Trasport vazirligi O‘zbekiston fuqarolarini rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ishonib aviachiptalarni sotib olmaslikka chaqirmoqda.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida ayrim xorijiy aviakompaniyalar joriy yilning 1-iyul sanasidan e’tiboran O‘zbekistonga muntazam parvozlarni qayta tiklashi va shu munosabat bilan avia chiptalar sotuvi boshlangani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalmoqda.
Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi hamda O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 14-iyundagi qo‘shma yig‘ilishi bayoniga muvofiq, respublika hududida kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati joriy yilning 1-avgustiga qadar saqlanib qolishi belgilangan.
Qozog‘istondan O‘zbekistonga
Qozog‘iston O‘zbekiston va Tojikiston bilan aviatashuvni qayta tiklamoqda. Qozog‘iston muntazam xalqaro reyslarni tiklaydigan birinchi va ikkinchi toifadagi mamlakatlar ro‘yxati kengaytirildi. Ikkinchi kategoriya mamlakatlarga Misr, Ukraina, Polsha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiritildi.
Futbol
Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrug‘iga muvofiq shu yil 20-iyuldan boshlab "yashil" hududlarda sport musobaqalari boshlanadi. Barcha viloyatlarning "yashil" hududlarida futbol assotsiatsiyasi, hokimliklar, sog‘liqni saqlash va ichki ishlar bo‘limlari bilan kelishgan holda mahalla yoshlari o‘rtasida futbol bo‘yicha "Mahallada futbol", "Futbolimiz kelajagi" sport musobaqalarini tashkil etishlari mumkin.
Dunyo salomatligi
COVID-19 dunyoning deyarli barcha davlatiga yetib bordi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 9,6 milliondan oshdi, 490 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (2,4 mln), Braziliyada (1,2 mln), Rossiyada (613 ming).