TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti 5-iyun kuni “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.
Farmon bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish, bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, “qog‘ozsiz va elektron bojxona”ning mantiqiy davomi va rivojlanishi bo‘lgan “raqamli bojxona”ni shakllantirish, bojxona ishi sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni jadallashtirish maqsadida qabul qilindi.
2020-2023 yillarda bojxona ma’muriyatchiligini isloh qilish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Farmonda belgilanishicha:
- 2020-yil 1-avgustdan temir yo‘l transporti tashkilotlari o‘zlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalash orqali bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi ma’lumotlarni bojxona organlariga real vaqt rejimida beg‘araz tarzda taqdim etadilar;
- 2020-yil 1-sentabrdan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi chegara bojxona postlarida joriy etiladi.
2020 yil 1-noyabrdan:
- bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;
- bojxona nazoratining muqobil turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;
- transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yig‘imni to‘lashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;
- “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorlik subyektining o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi.
Davlat bojxona qo‘mitasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:
- bojxona nazorati shakli sifatida tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin TIF ishtirokchisi faoliyatini baholash hamda ularning tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyingi hisobini tekshirishni nazarda tutuvchi bojxona auditini amalga oshirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining TIFni notarif tartibga solish choralarini qo‘llash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
- tovarlar importi va eksporti tuzilmasi hamda dinamikasining chuqur holatiy tahlilini, shuningdek, import hajmi ham jismoniy, ham qiymatiy o‘sishining sabablari tahlilini amalga oshirish;
- ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari bo‘yicha manfaatdor idoralar bilan hamkorlik o‘rnatish.
Davlat bojxona qo‘mitasi tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida:
- Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi etib;
- Bojxona ekspertizasi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi boshqarmasi etib qayta tashkil etildi va qo‘shimcha vazifalar yuklandi.