TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan choralar tashqi savdo yuklari harakatiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Joriy yilning 16 mart kunidan boshlab davlat chegarasi orqali o‘tuvchi va yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari harakatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.
Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, bu cheklovlar yuk avtomobillari, avia, temir yo‘l, daryo transportlarida yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, ularning transport vositalari va tashilayotgan tashqi savdo yuklariga taaluqli emas.
Qolaversa, chegara o‘tkazish hududlarida mazkur tashuvlarni amalga oshirayotgan shaxslar va ularning transport vositalari avvaliga tegishli tartibda tekshiruvlardan o‘tkaziladi. So‘ng ularning respublika orqali harakatlanishiga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni O‘zbekistonda ilk koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etildi. Yangi virus Fransiyada bo‘lib qaytgan fuqaroda aniqlangan. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bemorning turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li, qizi va nabirasida ham ushbu kasallik aniqlangan. Bundan tashqari 15-mart kuni Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi samolyot bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya aniqlangan. Hozirda Hukumat infeksiyaning tarqalishini oldini olishga qaratilgan turli chora tadbirlarni amalga oshirmoqda.