TOShKENT, 26-may - Sputnik. Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikada ko‘payganligi qayd etilayotgani munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bu haqda davlat rahbari 26-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tgan.
"Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda ham ko‘payganligi qayd etilmoqda.
Aytish kerakki, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini "kasallik tugadi" deb, noto‘g‘ri qabul qilmoqdalar", - degan Mirziyoyev.
Bugungacha chet eldan olib kelingan fuqarolar soni 47 mingtani tashkil etmoqda. Ayniqsa keyingi ikki hafta davomida kirib kelganlarning aksariyatida koronavirus aniqlangan.
Bemorlarning qariyb 50 %ni xorijdan kelgan fuqarolar tashkil etadi.
Keyingi 10 kunda 3,5 ming odam havo yo‘llari, 7 mingga yaqini chegara postlari orqali O‘zbekistonga kirib kelishi kutilyapti. Bunga qo‘shimcha yana 100 ming nafardan ortig‘i O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda.
"Fuqarolarimiz qaytib kelayotgan davlatlar hamda qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatning og‘irligini hisobga olib, xotirjamlikka berilish mumkin emas", - deb ta’kidlagan prezident
Bugungi kunda 40 ta tuman (shahar) "qizil", 45 tasi "sariq" hudud sifatida qolmoqda. O‘o‘tgan 10 kunda aholi o‘rtasida kasallanganlar soni ham oshib bormoqda.
Jumladan, Navoiyda 57 ta, Samarqandda 73 ta, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 114 ta shunday holat aniqlangan.
Ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam bo‘lib, uylarda turli tadbirlar o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.
"Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimiz, budjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlarimiz natijadorligini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Respublika komissiyasi viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta ko‘rib chiqsin hamda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritsin. Sog‘liqni saqlash vazirligi "qizil" va "sariq" hududlarda kunlik test olish sonini oshirishi lozim. Bunda tibbiyot muassasalari, bozorlar, banklar va aholi ko‘p joylarda nazorat testlar olishni ko‘paytirsin", - deya topshiriq bergan davlat rahbari.