TOShKENT, 26-may — Sputnik. Insoniyat tomonidan aniqlangan viruslar "aysberg uchidir", dedi CGTN telekanaliga bergan intervyusida Uxan virusologiya instituti rahbari o‘rinbosari Shi Chjenli.
Olim ayol davlatlarni virusga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikka da’vat qildi.
Olimning fikricha, bu singari tadqiqotlar shaffoflikni talab etadi, bugungi kunda ilm-fanning siyosiylashtirilgani esa g‘oyat achinarli holdir.
"Agar kelgusi infeksiya kasalliklaridan insonlar aziyat chekmasin, desak u holda yovvoyi jonivorlar tomonidan tashiladigan noma’lum viruslar to‘g‘risida oldindan bilimga ega bo‘lishimiz kerak. Faqat shu yo‘l bilan ularning tarqalishining oldini olish mumkin", - dedi mutaxassis.
Shi Chjenli ko‘rshapalaklar ustida o‘tkazadigan ilmiy tadqiqotlari bilan mashhur. U o‘z ish faoliyati davomida bu jonivorlar organizmida 1,5 mingga yaqin turdagi koronaviruslarni aniqlagan.
Uning aytishicha, bu infeksiyalarning bir qismi kelajakda yangi pandemiyalarga sabab bo‘lishi mumkin.
"Agar ularni o‘rganmasak, yana bitta pandemiya yuz berishi ehtimoli bor", - deya taxmin qilgan Shi Chjenli.
Koronavirus pandemiyasi
Koronavirus infeksiyasi Xitoyda ilk marta 2019-yilning oxirida qayd etilgan. Infeksiyaning katta tezlikda tarqalishi tufayli BSST mart oyi o‘rtasida pandemiya e’lon qildi.
Ushbu kasallikni ilgari noma’lum bo‘lgan SARS-CoV-2 shtammi keltirib chiqarmoqda.
25 may holatiga ko‘ra e’lon qilingan statistikaga oid yer yuzida 5,54 million kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirgan. Kasallik qurbonlari soni 347, 3 mingga yetgan.