TOShKENT, 18-may — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston tahririyati respublikadagi koronavirus bilan bog‘liq bugungi kun asosiy xabarlarini to‘pladi.
2020 yil 18-may soat 16:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2779 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining barchasi oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolar orasidan aniqlangan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 67 nafar (Toshkent 39, Samarqand 21, Namangan 7) bemor tuzalib, sog‘ayish ko‘rsatkichi 82 foizga ko‘tarildi va 2 314 nafar fuqaro koronavirus infeksiyasidan butunlay forig‘ bo‘ldi.
Ayni paytda qolgan 452 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
13-chi o‘lim
Toshkentda koronavirusga chalingan samarqandlik bemor vafot etdi. Samarqandlik I. (erkak) 14-may kuni og‘ir ahvolda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqiziladi.
Diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda “COVID-19” infeksiyasi ham aniqlangan. Shundan keyin bemor Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan. Bemor uzoq vaqt davomida jigar sirrozi tashxisi bilan davolanib kelgan. Bundan tashqari, unda semizlik, anemiyaning og‘ir darajasi kabi qator hamroh kasalliklar ham mavjud bo‘lgan.
Ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor yurak qon-tomir va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.
Fuqarolar qabuli tiklandi
Bugundan boshlab O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan sanitar-gigiyenik norma talablariga rioya qilgan holda fuqarolar qabuli tiklandi. Qabul amalga oshirilayotgan binoga kirish yo‘laklari pirometr va antiseptik vositalari bilan ta’minlangan.
Fuqarolar qabuli ijtimoiy masofa (2 metr) saqlangan va shaxsiy himoya vositalaridan (tibbiy niqob, bir martalik qo‘lqop va antiseptik vositalar) foydalangan holda yo‘lga qo‘yiladi.
Ochilgan aeroport va vokzal
Bugundan boshlab Toshkentdan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar (borish va qaytish) hamda Toshkentdan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi qisman tiklandi.
Yo‘lovchilar sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilishi talab etiladi: himoya niqobi va qo‘lqopda bo‘lishi zarur, kirish qismida dezinfeksiyadan o‘tkaziladi.
Dastlab yo‘lovchilardan "COVID-19"ga test tahlili olinganligi haqidagi ma’lumotnoma talab etilgandi. Keyinchalik Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ushbu talab bekor qilindi.
Test narxi
O‘zbekistonda samolyot va poyezd yo‘lovchilari uchun COVID-19ga test topshirish joyi va narxi ma’lum qilindi.
Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot muassasalarida koronavirusga test tekshiruvi bepul amalga oshiriladi. Biroq tiklanayotgan avia va temir yo‘l qatnovi yo‘lovchilari uchun boshqa vaqtinchalik tartib mavjud.
"Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi farmoniga muvofiq, yo‘lovchilar laboratoriya tekshiruvlari pullik asosda o‘tkaziladi. Bitta tahlilning narxi 224 ming so‘mni tashkil etadi. Tekshiruv Toshkentda Respublika OITSga qarshi kurash markazida, Qoraqalpog‘iston va mintaqalarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida o‘tkaziladi”, - dedi Nurmat Otabekov.
Shuningdek, Nurmat Otabekov Uchtepa tumanidagi 62-sonli oilaviy poliklinika karantinga yopilganini ma’lum qildi. Karantindagi fuqaro Uchtepa tumanidagi poliklinikaga kelgan. O‘sha kuni navbatchilikda bo‘lgan 11 nafar shifokor karantin hududiga yuborilgan.
"Gruz-200"
Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Rossiyada koronavirusdan vafot etgan O‘zbekiston fuqarosini olib kelish va dafn qilish jarayoni qanday amalga oshirilishini tushuntirdi. Bu masalada fuqarolar kimga murojaat qilishlari kerakligini aytdi.
- COVID-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadi tegishli patanatomiya bo‘limi yoki Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallariga qarashli jasad tashiydigan maxsus transport vositasida epidemiyaga qarshi barcha chora-tadbirlarga rioya qilgan holda tashiladi;
- patanatomiya bo‘limi sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, shuningdek, chet davlatlardan havo yo‘llari va avtomobil yo‘li orqali COVID-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar tobuti uyga olib borilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabristonga olib borilib, dafn etiladi;
- mayitni kutib olish va qabristonga yetkazish tadbirlari alohida ajratilgan maxsus avtotransport vositasi yordamida amalga oshiriladi;
- mayitni maxsus transport vositasida olib borilmasdan, yaqinlari va qarindosh-urug‘lariga berib yuborish qat’iyan man etiladi;
- shaxsi aniqlanmagan va qarindoshlari tomonidan olib ketilishi rad etilgan jasadlar alohida ajratilgan qabristonga yuqorida qayd etilgan barcha qoidalarga rioya etgan holda dafn etiladi.
Dunyo va "Tojdor dushman"
COVID-19 dunyoning 188 davlatiga yetib bordi. BSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan kishilarning soni 4,5 milliondan oshdi, 307 ming kishi vafot etdi.