TOShKENT, 28 apr — Sputnik. AQShning Xalqaro diniy erkinliklar komissiyasi (USCIRF) 28-aprel kuni o‘zining yangi hisobotini e’lon qildi.
Unda 2005-yildan buyon “Diniy erkinliklar borasida xavotir uyg‘otayotgan mamlakatlar" ro‘yxatidan bo‘lgan O‘zbekistonni "Maxsus kuzatuv ostiga olingan mamlakatlar” ro‘yxatiga kiritish tavsiya etilgan. TIV xabariga asosan.
Ushbu qaror O‘zbekistonda ushbu sohada katta ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lganini aks etadi. Chunki odingi yillarda Komissiya O‘zbekistonni “qora ro‘yxatga” kiritish kerakligini tavsiya etar edi. Hisobotning kirish qismida ushb sohada ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan ikki davlat alohida qayd etib o‘tilgan.
“2019 yilda ayrim davlatlarda sodir bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlardan ruhimiz ko‘tarilmoqda. Ayniqsa diniy erkinliklar yaratish bo‘yicha USCIRF bilan yaqin hamkorlik qilayotgan ikki davlatdan mamnunmiz”, - deyilgan komissiya raisi Toni Perkins kirish so‘zida O‘zbekiston va Sudan haqida.
USCIRF raisi o‘rinbosari Nadin Maenza ham The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida xuddi shunday fikr bildirgan. Maenza prezident Shavkat Mirziyoyev hukumat boshiga kelganidan so‘ng diniy jamoalarga bosim kamaytirilganini, “Jaslik” qamoqxonasi yopilganini hamda O‘zbekiston diniy erkinliklar borasida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga kirishganini aytib o‘tgan.
Shu bilan birga, AQSh komissiyasi O‘zbekistonda “Diniy erkinlik va diniy tashkilotlar faoliyati to‘g‘risidagi” qonun hali kuchga kirmaganini hamda diniy sabablar bo‘yicha qamoqqa olinganlarni ozodlikka chiqarishni davom ettirish kerakligini hisobga olgan holda, O‘zbekistonni “Maxsus kuzatuv ro‘yxatida” qoldirishni tavsiya etgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh komissiyasi vakillari O‘zbekistonga 2019-yilning may va sentabr oylarida tashrif buyurishgan edi. 2020 yi davomida Davlat departamenti O‘zbekistonni ushbu ro‘yxatda qoldirish yoki undan chiqarish borasida yakuniy qaror qabul qilishi kutilmoqda.