Rossiya O‘zbekistondan insonparvarlik yordamini minnatdorchilik bilan qabul qildi. Umumiy hisobda, mamlakatimizga besh million tibbiy niqob va tibbiy doka beriladi, deb yozadi RIA Novosti muallifi.
Yangilik ko‘plab zaharli va istehzoli sharhlarga sabab bo‘ldi: buyuk davlatu, lekin o‘zining asosiy tibbiy materiallarga bo‘lgan ehtiyojini mustaqil ravishda ta’minlay olmayapti va qo‘shnilarining ehsonlaridan foydalanishga majbur.
Shu bilan birga, masxaralar va ermaklar ortida, odatda bo‘lgani kabi, sodir bo‘layotgan narsalarning asosiy ma’nosi qolib ketmoqda. Uni tushunishi uchun ba’zi faktlarni esga solish kerak.
Mart oyining birinchi yarmida Rossiya O‘zbekistonga koronavirus tashxisi uchun bir necha ming sinov tizimini beg‘araz taqdim qildi. Ammo O‘rta Osiyo respublikasi bunday yordamni olgan yagona emas edi. Fevral oyining boshidan beri Moskva bu ishni doimiy ravishda amalga oshirib, ko‘plab qo‘shnilarni bu testlar bilan ta’minlamoqda.
O‘zbekistonning o‘zi nafaqat Rossiyaga yordam ko‘rsatdi. Ikki oy oldin Toshkent Xitoyga insonparvarlik yordamni yubordi, o‘shanda Xitoyda epidemiya avjiga chiqqan edi. Pekin "kuchli va beg‘araz ko‘mak" uchun minnatdorchilik bilan qabul qildi. Bir yarim oy o‘tgach, vaziyat aksincha takrorlandi: mart oyi oxirida Xitoy O‘zbekistonga yuk jo‘natdi.
Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi vaziyat o‘xshash: fevral oyida biz u yerga ikki million niqobni jo‘natdik, bir necha hafta oldin esa o‘zimiz yordamni qabul qilib oldik. Masala yuklarni almashtirish bilanla cheklanib qolmadi: avval epidemiyaga qarshi kurash bo‘yicha rossiyalik mutaxassislar qo‘shnilar tomon yo‘l oldi, yaqindagina esa xitoylik shifokorlar tashrif buyurdilar.
O‘zaro yordam almashinuvi g‘alati bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo buning ortida odatiy gumanitar mexanizmni tubdan qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirishga urinish yotadi. Yana bir bor, global siyosiy tizimning asosiy "harakatga keltiruvchilari" - Rossiya va Xitoy bu jarayonni boshqarmoqda.
Zamonaviy dunyoda insonparvarlik yordami g‘oyasi juda g‘alati, ba’zi joylarda esa ikkiyuzlamachilik va ochiqchasiga badbashara ko‘rinishga kirdi.
Birinchidan, yordam berishning asosiy "ssenariy"si sifatida muammoning territorial jihatdan cheklangan, joylashganlik xususiyati bo‘lib qoldi: agar biron bir mamlakat falokatga duch kelsa (har xil - tabiiydan boshlab texnogengacha), unda shunga o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelmagan boshqa davlatlar yordam berishi mumkin.
Hozirgi COVID-19 pandemiyasi esa vujudga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozlar ehtimolligini unutishni afzal ko‘rgan dunyoni esga oldi: bir vaqtning o‘zida hamma bir xil muammoga duch kelayotganida.
"Dala sinovlari" natijasi, ayniqsa G‘arbda, umidsiz bo‘lib chiqdi. O‘zlarini benuqson axloqning namunasi sifatida ko‘rsatishga odatlangan ba’zi davlatlar juda shov-shuvli xulq-atvorini namoyish qilishdi: tibbiyot buyumlari bilan ortilgan begona yuklar ular tomonidan hech ikkilanmasdan va hech bir pushaymonsiz ushlab qolinmoqda.
Ikkinchidan, insonparvarlik yordami g‘oyasi, ma’lum bo‘lishicha, ko‘plab shartlar va cheklovlar bilan yuklangan.
Kimdir zaifligi va o‘z kuchlari yordamida kurashishga qodir emasligini namoyish etishdan qo‘rqadi - bu ko‘pincha u yoki bu jihatdan buyuklikka da’vogar davlatlar taalluqli. Boshqalar uchun faqat ittifoqchilarning yordami maqbul va o‘zaro ziddiyatlari mavjud mamlakatlardan yordam takliflarida esa qandaydir tahdidlar ko‘rinmoqda. Masalan, 2016-yilda Rossiyaning yong‘inga qarshi samolyotlari Portugaliyadagi yong‘inlarni o‘chirishda ishtirok etgan bo‘lsa, ikki yildan so‘ng, 2018-yilda xuddi shunday muammoga duch kelgan Gretsiya Moskvaning tashabbusiga e’tibor bermaslikni afzal ko‘rdi.
Bunday vaziyatda Rossiya so‘z bilan emas, balki amalda mutlaqo boshqacha yondashuv mumkinligini va zarurligini ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
Avvaliga, hatto global inqiroz ham davlatlar o‘z qadr-qimmatini yo‘qotishiga sababbo‘la olmaydi. Hech kim boshqa mamlakatlarga yordam berish uchun milliy ehtiyojlarni qurbon qilishligi haqida gapirmayapti. Ammo agar zaxiralar imkon bersa, o‘zim ham yemayman, boshqalarga ham bermayman deb o‘tirmasdan, hech bo‘lmaganda hozirgi paytda tang qolganlarga qisman yordam berish kerak. Va agar o‘zingiz ham tang holatda qolsangiz, sizni qo‘llab-quvvatlashlariga ishonchingiz komil bo‘lishi mumkin.
Pandemiya kabi muammolar xalqaro miqyosda, hamma bir vaqtning o‘zida tang sharoitda qolganida, insonparvarlik ishini samaradorligini oshirish uchun sababdir. Va sodir bo‘layotgan voqealar uning haqiqiyligini isbotlaydi. Xitoy, o‘zining butun iqtisodiy qudrati va ishlab chiqarishning moslashuvchanligiga qaramay, fevral oyida epidemiyaning eng o‘tkir bosqichidan o‘tayotganda yordamni qabul qilishdan tortinmadi. Ammo yaxshi o‘zgarishlar yuz berganda, Pekin uni faol ravishda boshqalarga taqdim eta boshladi.
O‘zaro insonparvarlik yordami g‘oyasi ilgari surilgan va hayotga tatbiq etilayotgan dunyo siyosiy tizimning asoslarini buzmoqda. Ba’zi davlatlar yanada jiddiy yo‘qotishlarni afzal ko‘rishlari tasodif emas, nima bo‘lganda ham ular uchun noqulay va nomaqbul kuchlarning yordamini qabul qilmasa bo‘lgani. Shu orqali ular AQShning gegemonligi ostidagi qat’iy iyerarxiyani saqlab kelmoqda, bunda har bir mamlakat aniq belgilangan joyni egallashga majburdir va uni o‘zgartirishni o‘ylay olmaydi ham.
Aynan shuning uchun AQSh Kubaning yordamini tasavvur qila olmaydi, garchi Kuba favqulodda vaziyatlar va sog‘liqni saqlash tizimlari allaqachon AQShdan ustunroq ekanliklarini isbotlashgan. Va huddi shu sababli, O‘zbekistonning Rossiyaga insonparvarlik yordami har xil kulgiga sabab bo‘lmoqda: chunki qulayotgan, ammo hanuzgacha qil uchida turgan jahon tartibida bu hodisa buyuk davlatning zaifligi va xo‘rlanishining namoyishi hisoblanadi.
Ammo Rossiya ham, Xitoy ham bunday o‘ylamaydi.
Aksincha, ular uchun COVID-19 bilan jamoaviy kurash yangi tizimni qurishda navbatdagi qadamdir. Bema’ni iyerarxik o‘yinlarsiz, ammo hamkorlarga nisbatan hurmat va hamma uchun bir xil qoidalar bilan.