TOShKENT, 2 apr - Sputnik. Shimoliy koreyalik tibbiyot xodimlari mamlakatda birorta ham yangi turdagi koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari qayd etilmagani haqida bayonot bilan chiqdilar, deb xabar qilmoqda Frans Press agentligi Shimoliy Koreyaning yuqumli kasalliklarga qarshi shoshilinch kurash Markaziy shtabi vakiliga tayangan holda.
Janubiy Koreyaning "Chunan Ilbo" nashri XXDRdagi manbaga tayangan holda, Shimoliy Koreyada yangi turdagi koronavirusni yuqtirganlik bo‘yicha ilk holat qayd etilgani haqida xabar bergan edi. Nashr xabariga ko‘ra, ilk bemor, bu Xitoydan qaytgan "Pxenyan yashovchisidir". Ushbu ma’lumot rasman o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q.
"Shu paytga qadar bizning mamlakatimizda birorta odam yangi turdagi koronavirusni yuqtirmadi", - degan agentlikka Shimoliy Koreyaning yuqumli kasalliklarga qarshi shoshilinch kurash Markaziy shtabi antiepidemilogiya bo‘limi rahbari Pak Men Su.
Suhbatdoshning ta’kidlashicha, buning uchun preventiv va ilmiy choralar ko‘rilgan. Xususan, mamlakatga kirib kelayotgan barcha fuqarolar tekshirilgan, shuningdek, barcha tovarlar astoydil dezinfeksiya qilingan. Qolaversa, barcha chegaralar yopilgan, havo va dengiz yo‘llari blokirovka qilingan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida XXDR COVID-19ga qarshi kurash choralari doirasida "milliy favqulodda karantin tizimi" ishga tushirilishini e’lon qilib, o‘z chegarasini deyarli to‘liq yopgan edi. Fevral oyida davlatga kirib kelayotgan chet elliklar, XXDR fuqarolari, chet elda bo‘lganlar va shundaylar bilan muloqotda bo‘lganlar uchun karantin muddati 30 kunga uzaytirildi.
Shimoliy Koreya OAVlari jamoat transportida xavfsizlik choralariga amal qilishga chorlab, odamlarni bir-birlaridan kamida bir metr masofa saqlashga chaqirmoqda. XXDR maktablarida ta’tillar takroran noma’lum muddatga qoldirildi, shu bilan birga, o‘quvchilarning tashqarida harakatlanishi ham keskin cheklangan edi.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi COVID-19 koronavirusi tarqalishini pandemiya, deb e’lon qilgan edi. BSST taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlik holatlari 800 mingdan oshgan, 40 mingdan ziyod kishi vafot etgan.