TOShKENT, 30 mar - Sputnik, Maksim Rubchenko. Qonun chiqaruvchilar Donald Trampning slanes sanoatini qo‘llab-quvvatlash tashabbusini rad etishdi. Endi sanoatni faqat neft urushining tugashi qutqarishi mumkin. Vashington Saudiya Arabistoni tomonidan ishlab chiqarishni qisqartirishi bo‘yicha kelishuvga deyarli erishdi, chunki amerikaliklarda Ar-Riyodga bosim o‘tkazish dastaklari juda ko‘p. Biroq, Moskvasiz bozorni barqarorlashtirish mumkin bo‘lmaydi.
Demokratlar qasosi
Kongress Energetika vazirligiga slanes kompaniyalaridan 77 million tonna neftni strategik zaxira uchun sotib olish uchun mablag‘ ajratishdan bosh tortdi. Buni oyning boshida Donald Tramp taklif qilgan, Energetika vaziri Den Bruyett esa uning ortidan talluqli farmoyish chiqardi.
"Bir necha kun muqaddam, hukumat davlat budjeti taqchilligini kamaytirish uchun zaxiradan neft sotayotgan edi", - deb yozdi Bloomberg energetika bo‘yicha yetakchi muxbiri Javye Blas tvitterdagi sahifasida. – Endi esa soliq to‘lovchilarning milliardlab dollarini sarflab, Sem bobo o‘zining yer ostidagi strategik omborxonalariga qaytarib joylashtirishi uchun slanes ishlab chiqaruvchilari yerdan yana slanes neftini qazib olishadi".
O‘tgan hafta AQSh Energetika vazirligi Kongressni "AQShning energetik kompaniyalari va ularning xodimlariga yordam berish uchun imkon qadar tezroq" mablag‘ ajratilishini tasdiqlashga chaqirdi. Biroq, parlamentning quyi palatasida ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lgan demokratlar Trampga yana bir bor zarar yetkazish imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi va qarshi chiqdi.
Prezident taslim bo‘lish niyatida emas. Bloomberg xabariga ko‘ra, Oq uy Energetika vazirligiga buyurtmalarni o‘z budjeti hisobidan moliyalashtirishni buyurgan.
"Donald Tramp ma’muriyati arzon neft sotib olishga qat’iy qaror qildi, - deydi Rapidan Energy Advisors asoschisi Bob Maknelli. - Kongress ishtirokidami yoki boshqa usul bilanmi, strategik zaxiralar albatta to‘ldiriladi. Xaridlar eng katta zarar ko‘rgan kichik va o‘rta kompaniyalardan amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda."
Biroq, tahlilchilar bu yordam bermasligini ta’kidlashmoqda. Gap shundaki, AQShning strategik omborining umumiy 714 million sig‘imidan 634 million barreli allaqachon to‘ldirilgan. Ya’ni, unga yana 80 million sig‘adi. Bu shuni anglatadiki, olti oy davomida kuniga atigi 450 ming barrelni sotib olish mumkin bo‘ladi.
"Talab kamayganiga nisbatan, bu juda oz, - deydi amerikalik energetika bo‘yicha tahlilchi Jastin Yakobs. - Bundan tashqari, xaridlar hozirda tannarxdan past bo‘lgan bozor narxida amalga oshiriladi. Bu yo‘l ishlab chiqaruvchilarni qanday qutqarib qolishligi aniq emas".
Slanes sanoati qulashi
Neftchilar o‘zlari ham endi hech narsaga ishonmayaptilar. O‘tgan hafta Occidental Petroleum ishchilariga kelgusi oylik ish haqi kamayishi to‘g‘risida ogohlantiruvchi xabar yubordi.
"Bozor konyunkturasi bizni misli ko‘rilmagan choralarni ko‘rishga majbur qilmoqda. - deyiladi xabarda. - 1 apreldan boshlab oddiy ishchilarning daromadi 30 foizga kamayadi, yuqori rahbariyatniki 68 foizga qisqaradi. Kompaniyaning ijrochi direktori ish haqi 81 foizga qisqaradi. Bundan tashqari, bonuslar, yo‘l qira va fitnes to‘lovlari subsidiyalari pasayadi".
Boshqalar allaqachon xodimlarni ishdan bo‘shatishmoqda. Halliburton - konlarga xizmat ko‘rsatuvchi eng yirik kompaniya, Xyustonda 3500 xodimni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi. Apache slanes kompaniyasi bosh ofis hodimlari sonini 85 kishiga qisqartiradi.
"Biz slanes qurilmalari sonini nolgacha kamaytirib kapitalni boshqa loyihalarimizga yo‘naltirmoqdamiz. Shuning uchun biz xodimlar bo‘yicha qiyin qaror qabul qildik", - deyildi Apache bayonotida.
Hatto asosan an’anaviy kon qazish bilan shug‘ullanuvchi gigant Exxon Mobil ham jiddiy muammolarga duch kelmoqda. "Bozordagi misli ko‘rilmagan vaziyatdan kelib chiqib, biz yaqin kelajakda kapital va operatsion xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rmoqdamiz", - dedi Darren Vuds, kompaniya bosh direktori.
"2015-2016 yillarda neft narxlarining qulashiga olib kelgan oldingi narxlar urushi, sanoatdagi ish o‘rinlarining qariyb 30 foizga qisqarishiga olib keldi. - deb yozadi o‘z hisobotida Rystad Energy konsalting firmasi. -Hozirgi vaqtda neft sanoati koronavirus epidemiyasining qo‘shimcha ta’siriga duch kelmoqda". Natijada, yil oxiriga kelib, Amerikaning har uchinchi neftchisi o‘z ishidan mahrum bo‘ladi.
"Hozirgi narxlar bilan biz AQShda slanes nefti ishlab chiqarishining sezilarli darajada pasayishini ko‘ramiz, bunga hech qanday shubha yo‘q", - deb tan oldi Xalqaro Energetika Agentligi ijrochi direktori Fatix Birol va Amerika neft sanoati "juda katta azoblarga" duchor bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Texas texnik universitetining neft va gaz bo‘yicha professori Marshall Uotson: "Slanes sanoati yo‘q qilinadi", - deb xulosa qiladi.
Stavkalar o‘smoqda
Slanes ishlab chiqaruvchilarini faqat OPEKning Rossiya bilan neft urushining tugashi qutqara oladi. Va Amerikaning ko‘plab sanksiyalari tufayli Vashington va Moskva o‘rtasida bu borada konstruktiv muloqot olib borilmasligi sababli, Tramp ma’muriyati o‘z e’tiborini saudiyaliklarga qaratdi.
O‘tgan dushanba kuni AQSh Energetika vaziri Den Bruyett Vashington Saudiya Arabistoni bilan "bir necha o‘n yilliklar ichida narxlarning eng yomon qulaganidan keyin narxlarni barqarorlashtirish uchun" neft alyansi tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida bayonot berdi. Vashingtonning asosiy sharti - kotirovkalarning pasayishini to‘xtatish, ya’ni arablarning neft qazib olishini qisqartirishdir.
Seshanba kuni, Politico jurnali AQSh prezident ma’muriyatidagi manbalarga asoslanib, Donald Tramp Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonga qo‘ng‘iroq qilib, amerikalik neft ishlab chiqaruvchilariga zarar bermaslikni talab qilganini aytdi. "Neft narxlari barqaror bo‘lib qolishi kerak", - dedi Oq uy rahbari.
O‘tgan chorshanba kuni davlat kotibi Mayk Pompeo ham bin Salmonga qo‘ng‘iroq qildi: u "global energetika bozorlarida barqarorlikni saqlash zarurligini" eslatdi.
"Davlat kotibi Saudiya Arabistoni "Yirik yigirmalik"ning yetakchi a’zolaridan biri va nufuzli energetika yetakchilaridan biri sifatida, dunyo jiddiy iqtisodiy noaniqliklarga duch kelgani sharoitida, global energetika va moliya bozorlarini tinchlantirish uchun chinakam imkoniyatga ega ekanligini ta’kidladi", - deyildi AQSh Davlat departamenti rasmiy bayonotida.
Bloomberg agentligi Pompeo va Saudiya shahzodasi o‘rtasidagi ushbu suhbatni "Saudiya Arabistoni va Rossiya o‘rtasidagi narxlar urushiga AQShning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvi", deb atadi.
So‘nggi so‘zni Rossiya aytadi
Mutaxassislar saudiyaliklar oxir-oqibat taslim bo‘lishiga ishonchi komil. Gap faqat Vashingtonning Ar-Riyodga bosim dastaklari juda ko‘pligidagina emas: kongressmenlar jurnalist Xashoggining o‘ldirilishi, Yamandagi urush va yadro dasturining haddan tashqari faol rivojlanishi tufayli saudiyaliklarga qarshi sanksiyalar masalasini bir necha bor ko‘targan.
Saudiya Arabistonining arzon narxlarni qoplash uchun neft eksportini keskin oshirish rejalari ko‘z o‘ngimizda qulashi hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin. The Wall Street Journal manbalariga tayanib, Ar-Riyod xaridorlarni topishda qiynalayotganini yozgan: AQSh va Yevropadagi neftni qayta ishlash zavodlari, garchi dempingga qaramay, qo‘shimcha hajmda neft sotib olishdan bosh tortmoqda.
Bundan tashqari, saudiyaliklarning Moskvaga qarshi hiyla-nayranglari Pekin tomonidan batamom yo‘qqa chiqarildi: WirtschaftsWoche nemis biznes nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy mart oyida Rossiyadan rekord miqdordagi 1,6 million tonna neftni sotib oldi.
O‘z davlat budjetini qisqartirgan Saudiya Arabistoni uchun endi boshqa imkoniyat yo‘q. Va Ar-Riyod o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga tayyorlanmoqda: G‘arbiy OAVlari Saudiya Arabistoni rasmiylariga tayanib habar qilishicha, OPEKning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida qazib olishni kuniga 6 million barrelga (mart oyida u 3,6 million edi) qisqartirishni muhokama qilinadi.
Biroq, bularning barchasi Rossiyasiz mantiqqa ega bo‘lmaydi. Endi butun savol shundaki, Ar-Riyod va Vashington neft urushini tugatish uchun Moskvaga nimani taklif qilishadi.