Ha, amerikaliklar va "Tolibon" oʻrtasidagi tinchlik kelishuvi nafaqat harbiy harakatlarni avj oldirdi, balki fuqarolik urushining yangi bosqichini boshlab berdi, Markaziy Osiyoda terrorizm tahdidi xavfini qoʻzgʻamoqda.
AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo 23-mart kuni Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani va uning siyosiy raqibi Abdulla Abdulla bilan uchrashish maqsadida oldindan eʼlon qilinmagan tashrif bilan Afgʻoniston poytaxtiga keldi. Tolibon* rahbariyati bilan ehtimoliy muloqotlar ommaviy axborot vositalari tomonidan eʼlon qilinmadi, biroq Pompeoning tinchlikparvarlik komandirovkasi sababi mamlakatning koʻpgina provintsiyalarida hukumat kuchlari va toliblar oʻrtasida avj olgan adovat ekanligi hech kimga sirmas.
Chorasiz ahvol yuzaga kelgan. "Ichki siyosiy muloqot" paytida yuz berayotgan davomiy otishmalar AQSH qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilishiga toʻsqinlik qilibgina qolmay, "Tolibon" bilan kelishuv doirasida koʻzda tutilgan - bir necha ming toliblarning qamoqlardan ozod qilinishi ham mamlakat tinchligiga tinchlik qoʻshmaydi. Vashingtonning manyovr qilish imkoniyati cheklangan, barchaning barchaga qarshi urushi davom etmoqda.
Ushbu fonda Mayk Pompeo bu yil Kobulga moliyaviy yordamni 1 milliard dollarga va 2021 yilda ham xuddi shu miqdorga qisqartirilishini eʼlon qildi. Urushayotgan tomonlarni "dollar kuchi" yordamida tinchlikka bu kabi ochiq (va afgʻon mentalitetini tahqirlovchi tarzda) majburlash Islom Respublikasida turbulentlikni kuchaytirishi mumkin. Boshqa tomondan, Davlat kotibining qoʻpolligi AQSH tarixidagi eng davomli urush yakuni muammoli ekanligidan dalolat beradi. Afgʻoniston qoʻyib yubormayapti.
Shu bilan birga, shanba kuni, Afgʻoniston shimolidagi Qunduz provintsiyasida "Tolibon" hukumat kuchlariga qarashli yettita nazorat punktiga hujum uyushtirdi, natijada ikki askar halok boʻldi. Yakshanba kuni esa AQShning Bagramdagi (Parvan viloyati) aviabazasiga raketa hujumi uyushtirildi, javobgarlikni "raqib" tomon - "Islom davlati" uyushmasi oʻz zimmasiga oldi. 20 mart kuni Zabul viloyatida 20 dan ortiq harbiy xizmatchilar va politsiyachilar "Tolibon" bilan boʻlgan jangda haloq boʻldi, shu bilan birga xavfsizlik kuchlarining bir necha aʼzosi hujumchilar tomoniga oʻtib ketdi. Shu kuni Kapisa provintsiyasida "Tolibon" jangarilari nazorat-oʻtkazish punktiga hujum qilishdi - yetti nafar politsiyachi va koʻngillilar oʻldirildi. 20 mart kuni Qobulda toliblar tomonidan armiya spetsnazi qoʻmondoni Abdul Qodir oʻldirildi. Afgʻon Navroʻzi mana shunday notinch kechdi.
Oq buqacha haqida
Avvalroq, AQSH prezidenti Donald Tramp, agar toliblar bitim shartlarini buzsa, Afgʻonistonga AQSH qoʻshinlarini "tezda" qaytarish bilan tahdid qilgan, ammo asosiy maqsad ketish, qolish emasligi barchaga ayon. Qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishi va Pentagon logistika tizimi shunday-ki, yaqin kelajakda ularni qaytarishni texnologik jihatdan iloji yoʻq. Islom Respublikasidagi AQShning aksariyat harbiy bazalari allaqachon muzlatilgan, xodimlar soni qisqartirilgan va byudjet xarajatlari koʻzda tutilmagan. Shuning uchun Afgʻoniston Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Asadulloh Xolid balandparvoz bayonotlar oʻrniga, shunchaki (19 mart kuni), toliblarga qarshi operatsiyalarni qayta boshlashni buyurdi.
Vashington nuqtai nazaridan olib qaralganda, joriy vaziyat yuzaga kelishida afgʻonlarning oʻzlari aybdor. Ashraf Gʻani va Abdulla Abdulla bir vaqtning oʻzida oʻzlarini qonuniy saylangan prezident, deb atab, otishmalar oʻqi ostida ikkita inauguratsiyani oʻtkazganlari kamdayin, boz ustiga ularning hammasi (Gʻani, Abdulloh va toliblar) amerikaliklarga quloq solmayapti. Mayk Pompeo Gʻani va Abdulla "oʻtkir zarurat"ga qaramay, inklyuziv (oʻzaro kelishuv hukumati) hukumat toʻgʻrisida kelisha olmaganini aytdi. AQSH Davlat kotibi: "Rahbariyatning ushbu xatosi AQSH milliy manfaatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid solmoqda", deya qoʻshimcha qildi. Bundan kelib chiqadiki, Qobul bir milliard dollarni birlasha olmaslik va kelishmovchilik tufayli yoʻqotdi.
Toliblar esa, oʻz navbatida, oʻtgan hafta Qoʻshma Shtatlarni harakatning asirga olingan (mahbus) jangarilarini ozod qilish va Afgʻoniston hukumati bilan muzokara olib boradigan qoʻmita tuzish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlikda aybladi.
Siljish bor. Xususan, Amerika tomoni va Qatar (Pompeo kelguniga qadar) qamoqdagi jangarilarni ozod qilish boʻyicha Qobul va Tolibon oʻrtasidagi birinchi texnik muzokaralarni onlayn rejimda uyushtirishdi. Ammo aytib oʻtish kerakki, muhokama markazidagilar - "partiyaviy bileti" uchunmas, balki oʻz mamlakatining qonuniy hokimiyatiga qurol bilan qarshi chiqqani uchun qamoqqa olingan minglab toliblardir va ularning 280 nafari shahidlik kamarlari bor hudqushlar boʻlgan. Jangarilarning ommaviy afv etilishi esa oʻz-oʻzidan terroristik guruhlar faolligining oshishiga va 2020 yilning "qaynoq" yoziga olib kelishi mumkin. Mamlakatda ishsizlik hukmron, shunday ekan, eng osoni, qoʻlda qurol bilan pul topish.
Tanlov yoʻq
Afgʻoniston va qoʻshni davlatlar uchun yaqin kelajakda xalqaro terrorizm strategik tahdid boʻlib qolmoqda. Afgʻonlararo muloqotga asos sifatida dastlabki besh ming mahbus jangarining ozod etilishi koʻzda tutuvchi AQSH va "Tolibon" oʻrtasida imzolangan tinchlik bitimi (29 fevraldagi) esa mintaqa uchun portlashi vaqtga qoʻyib berilgan bomba sanaladi. Amerikaliklar aslida Afgʻonistonni mamlakatni birlashtira olmaydigan toliblar ixtiyoriga topshirib ketmoqda.
Toliblar uchun rasmiy Qobul jamiki yovuzliklar toʻplangan markazdir va 14 oy ichida jangarilarning uzoq yillar davom etgan ushbu nafratini hech kim oʻzgartira olmaydi. Aslida, bir xil tuzilmaga ega boʻlmagan toliblarlar davlat qurilishi boʻyicha ham dasturga ega emas. Agar tarixga nazar soladigan boʻlsak, "ID" yetakchilari bir paytlar terrorchilik tashkilotini oʻziga xos "halifat"ga (Iroq va Suriya hududlarida) aylantirishga harakat qilishgan, ammo zamonaviy dunyoda bunday kvazidavlat tuzum uzoq muddat davom eta olmaydi.
"Tolibon" harakati yetakchilaridan biri Sirojiddin Haqqoniy The New-York Times nashrida eʼlon qilingan "Biz, toliblar, nimani istaymiz" sarlavhali maqolasida, Afgʻoniston uchun kerak boʻlgan va AQSH ishtirokida erishiladigan tinchlik haqida yozadi, ammo maqolada Islom respublikasi rasmiy hukumati hatto tilga olinmaydi. Shu yerda mamlakat prezidentlaridan biri - Muhammad Najibullohning fojiali taqdiri esga keladi, u barcha mojahedlar bilan yarashib olishga samimiy harakat qildi, muholifat partiyalarni qonuniylashtirdi, ularni hukumatga kiritdi, ammo bularning barchasi kamlik qilgandi. Toliblar 1996 yilda Najibullohni ayamadi, xuddi shu voqea 2020 yilda boshqa odamlar bilan ham takrorlanishi mumkin, ammo Afgʻonistonda tinchlik koʻpaymaydi. Binobarin, fuqarolar urushi davom etishi mumkin.
Raqobatdosh "ID" terroristik uyushmasidan farqli oʻlaroq, toliblar keng koʻlamli ekspansiyani rejalashtirmayapti, ular Afgʻoniston va chegaradosh hududlarni nazorat qilishga intilmoqda. Shunday boʻlsada, harakat bir xillikka egamas, u ikkita nufuzli tarmoqqa boʻlingan - Afgʻoniston va Pokiston tarmoqlari. Oʻz navbatida, harakat joylarda tarkibiy xususiyatlarga ega, boʻlinmalar ekstremizm darajasi bilan ajralib turadi. Klanlarning ichki raqobati koʻpincha "sof" harbiy-diniy harakatning kichik jinoiy guruhlar bilan birlashishiga olib kelmoqda. Bu qaynab turgan qozonda zarracha boʻlsada barqarorlik alomati yoʻq. Buni ustiga "Tolibon"* safida kelib chiqishi Tojikiston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan boʻlgan minglab odamlar bor. Shu bois, portlash xavfi butun Markaziy Osiyo mintaqasida nafaqat saqlanmoqda, balki oʻsmoqda ham.