TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan barcha xalqaro avia, avto va temir yo‘l qatnovlari vaqtincha bekor qilish to‘g‘risidagi qarori sabab yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritdi.
Ta’kidlanishicha, TIV, hamda mamlakatning 53 ta elchixonalari va konsullik muassasalarida O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolari murojaatlariga tezkorlik bilan javob berish uchun Operativ shtablar tuzilgan.
22 mart holatiga ko‘ra operativ shtablarga 5852 nafar O‘zbekiston fuqarolari va 2820 nafar chet el fuqarolari vatanga qaytishni so‘rab murojaat etgan.
Turli yo‘nalishlarda 19 ta charter reyslari hamda Rossiya, Turkiya va Koreyadan muntazam charter reyslarini tashkillashtirish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Rossiyaning migratsiya qonunchiligini buzgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan jazo choralar ko‘rishni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.
Yuzlab o‘zbekistonliklar 16-martdan buyon Istanbul aeroportida qolmoqda. Ularga kimdir yordam beradimi?
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev: TIV Operativ shtabi Istanbul xalqaro aeroportida favqulodda choralar joriy etilishi natijasida qolib ketishga majbur bo‘lgan fuqarolarimizning murojaatlari monitoringini olib bormoqda.
Turkiya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarimizga fuqarolarimizni ikki marta ovqat bilan ta’minlash, ular duch kelgan boshqa sanitar va maishiy masalalarni tezkorlik bilan hal qilish vazifalari qo‘yildi.
Turkiya Respublikasining vakolatli idoralari bilan fuqarolarimizni olib chiqish uchun charter reyslarini tashkillashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Natijada 21-mart kuni shunday charter reyslarning birinchisi amalga oshirildi. Tez orada keyingi reyslar ham tashkillashtiriladi.
Hozirda “Toshkent-Istanbul-Toshkent” yo‘nalishida uchadigan muntazam charter reyslarini tashkillashtirish masalasi hal qilinmoqda.
Novosibrsk aeportida yurtdoshlarimiz qolib ketishgan. Boshqa davlat fuqorolari uchib ketayapti, faqatgina O‘zbekistonliklar keta olmayapti. Elchixona nima ish qilyapti?
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev: Shu masalada ham ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonaga 500 dan ortiq fuqarolar vatanga qaytish istagini bildirib murojaat qilgan.
Novosibirsk aeroportida qolib ketgan 150 ga yaqin fuqarolarimizning muammolarini hal qilish uchun Bosh konsul boshchiligidagi guruh bevosita voqea joyiga borib, charter reysi tashkil etilguncha fuqarolarimizni vaqtincha turar-joy bilan ta’minlash va ularning boshqa maishiy masalalarini hal qilishga ko‘mak ko‘rsatdi.
Kecha, 21-mart kuni fuqarolarimizning birinchi guruhi charter reysi bilan Novosibirsk shahridan vatanimizga olib kelindi. Qo‘shimcha reyslarni tashkil qilish borasida ishlar olib borilmoqda.
Rossiyadan O‘zbekistonga qaytadiganlar ro‘yxatiga qo‘shilish uchun nima qilish kerak?
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev: O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi yoki Rossiya hududida joylashgan Bosh konsulxonalarimiz huzurida fuqarolarimizning murojaatlariga tezkor javob qaytarish bo‘yicha tuzilgan shtablarga telefon orqali murojaat qilib, vatanga qaytish istagi borligini va o‘zini shunday ro‘yxat qo‘shishni aytishi kerak.
Bunda fuqaromizdan o‘z pasporti nusxasini operativ shtab elektron pochtasiga yuborish va o‘zi turgan manzil haqida xabar berishi so‘raladi. Agar qo‘lida “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining bekor qilingan reyslari uchun chiptasi bo‘lsa, uni ham taqdim qilish tavsiya etiladi.
Moskvadan 19-martda uchib ketish uchun olgan biletim kuydi. Endi bizni olib ketish uchun keladigan samolyotga ham bilet olishim kerakmi?
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev: Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan 21-martdan boshlab, charter reyslari orqali chet eldagi, xususan Rossiyadagi fuqarolarimizni olib kelish tashkil etiladi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining bekor qilingan reyslariga biletlari tashkil qilinadigan charter reyslar uchun o‘z kuchini yo‘qotmaydi.
Charter reyslari uchun fuqarolarimiz ro‘yxatini shakllantirishda og‘ir kasallikdan aziyat chekayotganlar, homiladorlar va yosh bolali ayollar, qariyalar, “Uzbekistan Airways” aviakompanisining 16-martdan 21-martgacha bo‘lgan davrdagi bekor qilingan reyslari uchun chiptaga ega hamurtlarimiz birinchi galda inobatga olinadi.
Fuqarolar soni kam bo‘lsa, ular uchun ham charter reyslari tashkil qilinadimi? Misol uchun 15-20 kishi uchun.
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev: Bunday holatlar ham inobatga olingan, ular ham e’tibordan chetda qolmaydi.
Bunda ushbu davlatdan o‘z fuqarolarini olib chiqayotgan xalqaro sheriklarimiz va mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Misol uchun 20-mart kuni Qozog‘iston orqali 4 nafar fuqaromiz Misrdan olib kelindi.
Moskva aeroportida uch kundan beri qolib ketdik. Yotishga joyimiz yo‘q. Qachon bu muammo hal qilinadi?
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxodjayev: Charter reys tashkillashtirilgunga qadar Moskva aeroportlaridagi fuqarolarimiz vaqtincha turar joy bilan ta’minlanmoqda. Bu uchun Moskvadagi elchixonamizga moliyaviy mablag‘lar ajratildi.
Bu borada boshqa yo‘nalishlardagi ishlar ham davom ettiriladi.