TOShKENT, 19 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla va oila muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda hal etish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, jinoyatchilikning oldini olish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
“Vazir va uning o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari amaliy ishlar va natijadorlikka o‘tishi kerak. Buning uchun barcha resurs, vakolat va sharoit qilib berildi. Bundan keyin mas’ullardan mahallabay aniq natija so‘raladi”, – dedi davlat rahbari.
Har bir oila bilan manzilli ishlaydigan, ularni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi tajriba yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident ajrimlar masalasiga alohida to‘xtalib, kichik maishiy sabablar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganini afsus bilan qayd etdi. Vazirlik rahbarlari, joylardagi mutasaddilar notinch oilalardagi ahvolni oldindan o‘rganib, muammoni bartaraf qilish bo‘yicha manzilli ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mahallalar qoshida bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarni oilaga tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etib, ularga psixologlar, obro‘li otaxon va onaxonlarni biriktirish, “Ibratli oila” tanlovini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda ayollarning turmush sharoitini yaxshilash, daromad topishi uchun sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kasb-hunari bor ishsiz xotin-qizlarga ko‘maklashish bo‘yicha Toshkent shahrining Chilonzor tumanida boshlangan tajribani boshqa hududlarda ham keng joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xotin-qizlar o‘rtasida biznes loyiha bo‘yicha tanlov o‘tkazib, g‘oliblarga grantlar, kredit va joy ajratish, maqsadli jamg‘armalar hisobidan ko‘chma savdo punktlari tashkil etib, ularni ijaraga berish, yirik savdo markazlari va korxonalarda ehtiyojmand ayollar tayyorlagan mahsulotlarni sotish tizimini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 1 million 335 mingdan ziyod ishsizlar, 125 mingdan ortiq boquvchisini yo‘qotgan oilalar mavjud. Shuningdek, 1 million 400 mingga yaqin yoshlar xorijga ishlash uchun ketgan.
Yashnobod tumanida boshlangan “Ishga marhamat” monomarkazi tajribasini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan 30 ta kollejda hamda Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarning me’moriy qiyofasi va infratuzilmasini yaxshilash, bahorgi obodonlashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlaridan odamlar noroziligi ta’kidlanar ekan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bu tizimni takomillashtirish bo‘yicha qat’iy vazifa qo‘yildi.
To‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, piyoda yurishning foydasini targ‘ib etish, ommaviy sportni rivojlantirish ishlarini “umummilliy harakat”ga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari mahallada ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalasiga ham e’tibor qaratdi. Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga mahallalarda kutubxona, madaniyat uylari, kinoxona, musiqa va san’at to‘garaklari tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
“Qalbiga san’at va kitob nuri kirib borgan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.