TOShKENT, 18 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishining boshida koronavirus muammosiga to‘xtalib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanini alohida ta’kidlab, xalqqa murojaat qildi.
– Bu hayotning ko‘p og‘ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to‘g‘ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi.
Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz o‘z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qat’iy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, o‘z vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir.
Ikkinchidan, oziq-ovqat va boshqa kundalik iste’mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi departament bu boradagi ishlarni kuchaytirishi kerak.
Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q. Ammo ko‘pga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim.
Barcha davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlar, muhtaram nuroniylarimiz, mahalla va xotin-qizlar, yoshlar birlashmalari faollari ommaviy axborot vositalari orqali xolis va haqqoniy, keng tushuntirish ishlarini kuchaytirishiga ishonaman.
Uchinchidan, majburiy ta’til paytida farzandlarimiz o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirishlari uchun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yo‘lga qo‘yildi.
Teleradiokanallarimiz yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid ko‘rsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilmlarni ko‘paytirishi lozim.
Hurmatli ota-onalarimiz o‘z farzandlarini jahon va milliy adabiyotimizning eng yorqin namunalari bilan tanishtirishga harakat qilsalar ayni muddao bo‘lardi.
Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaziyatda ayrim mas’uliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va o‘zini “piar qilish”ni yaxshi ko‘radigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi.
Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri, asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatishga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim, - dedi O‘zbekiston prezidenti.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, koronavirus pandemiyasining butun dunyo mamlakatlari qatori mamlakat ham iqtisodiyotiga salbiy ta’siri bo‘lishi tabiiy.
So‘nggi ikki haftada jahon bozorida neftning narxi (bir barrel 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani oqibatida gaz eksport tushumlari qisqarishi mumkin. Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikaga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi. Xorijiy turistlar soni va tushum miqdori kamayishi mumkin. Bular, tabiiyki, yalpi ichki mahsulot va eksport hajmiga ta’sir qilmasdan qolmaydi.
Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, uning topshirig‘iga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta’tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo‘llamaslik tartibini joriy qilish choralarini ko‘rmoqda. Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin bo‘lgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirishi zarur.
Prezident bu jarayonda, avvalo, moliya va xomashyo bozorida beqarorlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, moliyaviy barqarorlikni saqlash hamda bozorlarda narx-navoning o‘sishini oldini olish, iqtisodiyotning bazaviy va hal qiluvchi tarmoqlari uzluksiz ishlashini saqlab qolish kerakligini qayd etdi.
"Butun xalqimiz aniq bilishi kerak: biz koronavirusga qarshi kurash faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida olib borapmiz. Jahon jamoatchiligini ham, xalqimizni ham vaqtida xabardor etib borapmiz. Kerakli choralarni yanada kuchaytiramiz. Bugun men ikki qo‘shni davlat – Qozog‘iston va Turkmaniston rahbarlari Qasim-Jomart Toqayev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilib, bu boradagi o‘zaro hamkorlik, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash borasidagi barcha masalalarni kelishib oldik. Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib o‘tadi, deb ishonaman", - dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, u yana bir muhim masalaga barcha mutasaddilarning e’tiborini qaratdi.
So‘nggi yillarda sanitariya-epidemiologiya masalasiga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Hozirda mamlakatda 2 ta respublika darajasidagi shifoxona, 14 ta viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari, 216 ta hududiy sanitariya-epidemiologiya muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq, keyingi 25-yil davomida umuman e’tibor bermaganimiz uchun aksariyatining moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, laboratoriyasi, tibbiy anjom va jihozlari achinarli holatga kelib qolgani ham ayni haqiqatdir.
Ta’kidlanishicha, shu sababli, bugungi kunda respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini tubdan isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan alohida qaror loyihasi tayyorlanmoqda. Mazkur xizmatning asosiy faoliyati tibbiy va sanitar barqarorlik, jamoat salomatligini ta’minlash, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini tashkil etishga qaratiladi.
Buning uchun viloyat hokimlari joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi, kadrlar salohiyati, oylik maoshi kabi muammolarni chuqur o‘rganishi zarur. Ichki moliyaviy imkoniyatlar asosida ularni yil oxiriga qadar bartaraf etish, zaxiralar shakllantirish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, bajarish lozim.
Bosh vazir respublika darajasidagi va Toshkent shahridagi muassasalarni birma-bir joyiga chiqib o‘rganish va zarur chora-tadbirlar qabul qilinishi hamda ijrosi uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi. Asosiy masala – moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlarni o‘qitish, ilm-fanni rivojlantirish, aholi salomatligi uchun mablag‘ni ayamaslik zarur.