TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Qirg‘iziston COVID-19 koronavirusi tarqalishi xavfi tufayli beshta davlat fuqarolariga vaqtinchalik kirishni cheklaydi, deb xabar berdi Sputnik Qirg‘iziston.
Nashr xabariga ko‘ra, sal oldin mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayev taqiq joriy etilishi haqida gapirgan edi. Amaldor gap koronavirus avj olgan davlatlar fuqarolari haqida borayotganiga urg‘u bergan.
Endi ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston hukumati 1-martdan - Xitoy, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya va Italiya aholisiga kirishni cheklash qarorini qabul qildi. Ushbu ro‘yxat dunyodagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda to‘ldirilib borilishi mumkin.
Cheklovlar ushbu mamlakatlardan ishlash, turizm yoki shaxsiy maqsadlarda kelgan barcha fuqarolarga joriy etiladi.
Istisno faqatgina diplomatik pasportga ega shaxslar uchun ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 1-martdan boshlab ushbu davlatlar fuqarolariga Qirg‘izistonda taklifnomalarni rasmiylashtirish ham vaqtinchalik to‘xtatiladi.
Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Altinay Omurbekovaga ko‘ra, ushbu vaqtinchalik choralar majburlikdan qabul qilingan, sababi, dunyodagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarmoqda.
Omurbekovaning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda 50 dan ortiq mamlakatlarda koronavirusga chalinish holatlari aniqlangan, ammo ro‘yxatga kiritilgan taqiq joriy etilgan beshta davlatda 100 va 1000 dan ortiq holatlar qayd etilgan.
Koronavirusga chalinish holatlari 10tadan kam aniqlangan davlatlar fuqarolari Qirg‘iziston chegarasini kesib o‘tayotganda uch kun davomida observatsiyada bo‘ladilar.