TOSHKENT, 27 fev – Sputnik. Mashhur aktyor va rejissyor Jeki Chan koronavirus bilan kasallanganligi va u karantinga yotqizilgani haqidagi maʼlumot feyk boʻlib chiqdi.
Kuni kecha qator xorijiy OAVlar guyoki Gollivud aktyori Jeki Chan shaxsiy bazmlardan birida ishtirok etganidan keyin shifoxonaga yotqizilgani toʻgʻrisida xabar qilishdi. Keyinchalik, bu tadbir mehmonlaridan biri, 48 yoshli politsiya zobitiga COVID-19 virusi tashxisi qoʻyildi. Politsiyachi bilan ehtimol muloqot qilgan 59 kishi karantinga joʻnatildi, deb yozilgan xabarda.
Bu haqda xorijiy nashrlar Sputnik Ispaniya'ga asoslanib yozishdi. Biroq, bu agentlikning xabarida yozilishicha, Jeki Chan kasallangani haqida maʼlumot haqiqat emas.
"Kulgili tomoni shundaki, aktyor bu kechada, 48 yoshli politsiyachida koronavirus aniqlangan joyda ham boʻlmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda mehmonlardan biri Chan ular bilan birga boʻlganligi aytilgan video feyk boʻlib chiqdi. Aslida aktyor boshqa tadbirda boʻlgan”, - deyilgan Sputnik Ispaniya maqolasida.
8Days yangiliklar portalining jurnalistlari surishtiruv oʻtkazib, aktyor va bemor politsiyachi har xil tadbirda boʻlishgani aniqlashdi. Politsiya zobiti Gonkongning gʻarbiy qismida joylashgan restoranda boʻlgani, Jeki Chan esa doʻstlari bilan Yau Yat Chuen Garden City klubida boʻlgan ekan. Ushbu tungi klublar bir-biridan yarim soatlik yoʻl masofasida joylashgan.