Venesuelada neft sanoatini AQSH sanktsiyalaridan himoya qilish uchun islohotlar boshlandi. Tegishli farmonni Venesuela prezidenti Nikolas Maduro imzoladi.
“Men mamlakatning energetik xavfsizligini taʼminlash va sanoatni imperialistik tajovuzdan himoya qilish uchun shoshilinch va zarur choralarni koʻrish uchun konstitutsiyaviy va prezident farmonim bilan neft sanoatida favqulodda holat eʼlon qilaman", - dedi Maduro neft sanoati ishchilari bilan uchrashuvda. Prezidentning nutqi uning Twitter᾽dagi akkauntida efirga uzatildi.
“2-modda milliy neft sanoatini himoya qilish, qayta qurish va qayta tashkil etish boʻyicha vakolatli prezidentlik komissiyasini tuzadi”, - davlat rahbari qoʻshimcha qilgan. Maduro soʻzlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Maduroning soʻzlariga koʻra, komissiya butun neft sanoatini oʻzgartirish uchun zarur vakolatlarga ega boʻladi.
AQSH seshanba kuni “Rosneft” tuzilmasi boʻlgan Shveytsariyaning Rosneft Trading SA kompaniyasini va uning direktorlar kengashi raisi Didye Kasimironi Venesuela sanktsiyalar roʻyxatiga kiritdi. Didye Kasimiro bir vaqtning oʻzida Rosneft neftni qayta ishlash, neft kimyosi, savdo va logistika boʻyicha vitse-prezident lavozimini egallaydi. AQSH oʻz ittifoqchilariga, xususan, Yevropada Venesuela neftini tashqi bozorlarga yetkazib berishda ayblanayotgan Rosneft Trading bilan aloqalarni uzish uchun 90 kun berdi.
Rossiya Federatsiyasi hukumati qoshidagi Moliya universiteti Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Aleksey Zubetsning fikricha, bu holat AQShda boʻlajak saylovlar bilan bogʻliq.
“(AQSH prezidenti Donald) Tramp bu yil qayta saylanishi kerak va unga AQShda yashaydigan, respublikachilarning tarafdori boʻlgan va Markaziy Amerikaning sotsialistik hukumatlarini yoqtirmaydigan juda jiddiy Lotin Amerikasi hamjamiyatining koʻmagiga muhtoj. Tramp ushbu nufuzli Lotin Amerikasi doiralariga bonus sifatida Venesuela xukumatini agʻdarish vaʼdasini berdi. Shu maqsadda AQSH Venesuela neft importiga cheklovlar qoʻydi. Bu iqtisodiy qamaldir. Bu Venesuela iqtisodiyotini boʻgʻishga urinish”, - dedi Aleksey Zubets Sputnik radiosi efirida.
Uning soʻzlariga koʻra, Venesuela har qanday holatda ham neft sohasini isloh qilishga muhtoj.
“Bugungi kunda Venesuela hukumati oldida neft qazib olish kompleksini samaradorlik koʻrsatkichlariga yetkazish vazifasi turibdi, chunki ular soʻnggi paytlarda unchalik yaxshi ishlamayapti. Ular Saudiya Arabistoniga qaraganda koʻproq neft zaxiralariga ega, ammo bu neft ogʻir va uni ishlab chiqarish tannarxi juda katta”, - deya taʼkidladi Aleksey Zubets.
Venesuelada 2019 yil 21 yanvarda prezident Nikolas Maduroga qarshi u qasamyod qilgandan keyin koʻp oʻtmay ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Muxolifat tomonidan boshqariladigan Milliy assambleya rahbari Xuan Guaido noqonuniy ravishda oʻzini vaqtincha davlat rahbari deb eʼlon qildi, uni darhol AQSH va uning ittifoqchilari tan olishdi. Rossiya, Xitoy, Turkiya va boshqa bir qator davlatlar Maduroni qonuniy prezident sifatida qoʻllab-quvvatladilar.