TOShKENT, 6 fev - Sputnik, Aleksandr Lesnix. Daniya Energiya agentligi (DEA) Nord Stream2 AG bilan “Shimoliy oqim-2” gaz quvurini qurishni yakunlash variantlarini muhokama qilmoqda, deb xabar qildi agentlik matbuot xizmati rahbari Ture Falbe-Xansen. Gap quvurlarni yotqizish uchun ruxsatnomaga qo‘shimchalar kiritish haqida bormoqda, buning natijasida qolgan ishlarni Rossiya kemalari bajarishi mumkin.
Minalar maydoni
Dekabr oyining oxirida Vashington “Shimoliy oqim-2”ga qarshi sanksiyalar kiritgandan so‘ng shveysariyalik pudratchi AllSeas Boltiq dengizida quvur yotqizishni to‘xtatdi. Gaz quvuri 94 foizga tayyor – atigi 160 kilometr quvurni payvandlab suv tubiga tushirish qolgan.
Aftidan, AllSeas loyihaga qaytmaydi - yanvar oxirida “Gazprom” boshqaruvi raisining o‘rinbosari Yelena Burmistrova quvurni “Rossiya tomoni tugatishini” ma’lum qildi.
Yaqinda ishning qayta tiklanishidan qurilishdagi faollik dalolat beradi - 16-yanvar kuni ko‘p funksiyali Strill Explorer kemasi keldi. Bortda masofadan boshqariladigan suv osti transport vositalarida uch o‘lchovli fotogrammetriya va boshqa geofizik tadqiqotlar uchun uskunalar mavjud.
Keyinchalik “Shimoliy oqim-2” kema gaz quvuri yo‘nalishida tadqiqot olib borganligini tasdiqladi. DEA mutasaddisi Falbe-Xansenga ko‘ra, uning agentligi har kuni Strill Explorer᾽dan ma’lumot olmoqda.
Mutaxassislar ishonchi komil: bularning barchasi “Shimoliy oqim-2” ning DEA-dagi mavqeyini mustahkamlaydi. Gap shundaki, Ikkinchi jahon urushidan beri Boltiqbo‘yida juda ko‘p miqdordagi bomba, o‘q va minalar suv ostiga cho‘ktirilganicha qolgan. Tasodifiy portlashlardan qo‘rqadigan Daniya, “Shimoliy oqim-2” qurilishi shartlaridan biri sifatida, quvur yotqizadigan kema zamonaviy dinamik joylashuv tizimiga (DP) ega bo‘lishini talab qildi.
Bunday tizimlar kema boshqaruv sxemasiga integratsiya qilinadi va turli xil sensorlar, shuningdek, yo‘ldoshlardan olingan ma’lumotlarga asoslanib avtomatik ravishda ishlaydi. Natijada, harakatga keltiruvchi va burib turguvchi kompleks kemani har qanday to‘lqin, oqim va shamolda ham aniq bir nuqtada ushlab turadi. Shu sababdan ham AllSeas bir paytlar pudratchi sifatida tanlangan: Shveysariyaliklar barcha kerakli uskunalarga ega.
Rossiyada dinamik joylashishni aniqlash tizimiga ega bitta quvur o‘rnatish liniyasi mavjud faqatgina bitta – “Akademik Cherskiy”. Biroq, ushbu kema Saxalin-3 loyihasi bo‘yicha - Kirinskiy va Janubiy Kirinskiy konlarida ishlash uchun shartnoma orqali ishga jalb qilingan. Uning “Shimoliy oqim-2” qurilishidagi ishtiroki deyarli istisno qilinadi.
Sanksiyalarga qarshi tandem
Shuning uchun loyihani chet ellik pudratchilarsiz bajarishning yagona usuli - bu quvurlarni yotqizadigan ikkita barjadan foydalanish – “Mejregiontruboprovodstroy” (MRTS) kompaniyasiga tegishli bo‘lgan “Fortuna” va “Defender”.
Aynan “Fortuna” ikki yil oldin “Shimoliy oqim-2”ning birinchi kilometrlarini Rossiyaning hududiy suvlarida yotqizgan edi. Muammo shundaki, u "Defender" kabi dinamik joylashishni aniqlash tizimiga ega emas. Shunday qilib, rasmiy ravishda, ikkala kemalar ham Daniya talablariga javob bermaydi.
Biroq, Nord Stream2 AG mutaxassislari quvur yotqizish barjalarini dinamik joylashishni aniqlash tizimi bilan jihozlangan kemalar bilan birgalikda ishlatishni taklif qilishdi. “Kamara” langar-izlovchisi “Fortuna” bilan, “Defender” bilan esa “Mustang” tandem bo‘ladi.
Ushbu sxema kerakli joylashishni aniqligini to‘liq ta’minlaydi. Yanvar oyi boshida Nord Stream2 AG Daniya atrof-muhitni muhofaza qilish agentligiga (DEPA) ushbu dengiz tandemlaridan foydalanish imkoniyati bo‘yicha oktabr oyida berilgan “Shimoliy oqim-2” qurilishi uchun ruxsatnomaga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida so‘rov yuborgan.
Kopengagen arizani ko‘rib chiqish uchun qabul qilib, loyiha operatori bilan konstruktiv muzokaralar olib borganligi sababli, ijobiy natija ehtimoli juda katta. Buni “Kamara” langar-izlovchisi yaqinda “Shimoliy oqim-2” qurilishi uchun baza sifatida xizmat qiladigan Germaniyaning Mukran portiga kelganligi ham tasdiqlaydi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Rossiya kemalari yordamida qurilishni davom ettirishga ruxsat mart oyida beriladi. Bunday texnologik sxema bo‘yicha quvur yotqizish tezligi kuniga taxminan bir yarim kilometrni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, gaz quvurining liniyali qismi iyulgacha to‘liq tayyor bo‘ladi. Sinov va gaz bilan to‘ldirish yana ikki oy davom etadi va sentabr oyida “Shimoliy oqim-2” ishga tushirilishi mumkin