TOShKENT, 27 yanv – Sputnik. Xitoyda bo‘lib turgan yoki ushbu davlatga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga bayonot bilan chiqdi.
“O‘zbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi xabar qilishicha, Immigratsiya boshqarmasi bergan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra hozirda Xubey provinsiyasida 166 nafar O‘zbekiston fuqarosi doimiy asosda yashashi, yanvar oyida provinsiyaga 14 ta vatandoshimiz tashrif buyurgan.
2020-yil 26-yanvar kuni Xitoy huquqni muhofaza qilish organlari Uxan shahri va unga yaqin joylashgan Xubey provinsiyasining boshqa shaharlarida istiqomat qiluvchilarning karantin hududidan chiqib ketishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralarni kuchaytirgan. Rasmiy idoralar virusni yuqtirganlar, ayniqsa u yerda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar profilaktikasiga katta e’tibor qaratmoqda.
Elchixona Xitoyning tegishli hukumat idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi, hamurtlarimizga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda va ular o‘rtasida tushuntirish ishlari olib bormoqda, xususan ijtimoiy tarmoqlarga aholini sarosimaga soluvchi mish-mishlarni rad etuvchi videomateriallarni hamda zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha eslatmalarni joylashtirmoqda.
Elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni qat’iy tavsiya qiladi.
Hozirda Xitoy tomoni Uxan shahridan chet el, jumladan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilishga qo‘yilgan ta’qiqni bekor qilgani yo‘q.
Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxayev), +86 139 1175-4476 (Shuxrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi", - deyilgan bayonotda.