TOSHKENT, 25 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududida boʻlib turgan yoki ushbu mamlakatga borishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Oʻzbekistonning Xitoydagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, 2020-yil 25-yanvar holatiga koʻra koronavirusli pnevmoniyadan vafot etganlar soni 41 nafarga, kasallanganlar esa 1287 nafarga yetdi, yana 1965 kishi kasallangan degan gumon bilan shifokorlar nazoratida. Ular orasida Oʻzbekiston fuqarolari qayd etilmagan.
Ushbu virusning yanada tarqalishini oldini olish maqsadida Xubey provintsiyasining Uxan shahri va boshqa 12 ta shaharlari karantin uchun yopilgan. Mahalliy hokimiyat gavjum joylarda virus yuqishi xavfining yuqoriligini inobatga olib sanitariya tadbirlari davomida tashqariga chiqmaslikni maslahat bermoqda.
Karantin eʼlon qilinishi munosabati bilan tegishli hokimiyat organlari Xitoyda akkreditatsiya qilingan xorijiy mamlakatlarning barcha diplomatik vakolatxonalariga chet el fuqarolarini karantin eʼlon qilingan shaharlardan evakuatsiya qilish boʻyicha rad javobini bermoqda. Karantin kiritilganidan soʻng boshqa davlatning elchixonalari oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilgani toʻgʻrisidagi xabar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari vaziyatni nazoratga olgan hamda barcha masalalarni, jumladan zarurat tugʻilganda Oʻzbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish masalarini hal qilish uchun tegishli hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi.
Elchixona va Bosh konsulxona vakillari Oʻzbekiston fuqarolari bilan doimiy muloqot oʻrnatgan, jumladan “WeChat” ijtimoiy tarmogʻida "Uxan 2020 Oʻzbekiston" va "Uzbeks in Wuhan" guruhlari ishlab turibdi.
Ayni paytda mazkur vaziyatni monotiring qilish va virusning Oʻzbekiston hududida tarqalishining oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osiyishtalik agentligi qoshida shtab tashkil etildi. Xavfli hududlardan keladigan barcha fuqarolar kuzatuvga olinadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib TIV Xitoy hududidagi Oʻzbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga (tel.: +86 135-1102-4242 Bobur Yaxyayev, +86 139 1175-4476 Shuxrat Umirov) hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.:+86 131-2255-5772, Aziz Ulugʻbekov) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtadi.