TOSHKENT, 24 yanv – Sputnik, Mariya Naumenko. Oʻzbekistonlik talaba Abdurahim Elboboyev yangi koronavirus tarqalishni boshlagan Xitoyning Uxan shahridagi vaziyat haqida soʻzlab berdi.
Talaba Uxan shahrida ikki yil davomida tahsil olmoqda. Hozirgi vaqtda 11 million kishi istiqomat qiladigan shahar yopilgan.
“Shaharda vahima kuzatilmoqda, biroq hamma qoʻrqmasdan bir-biriga yordam bermoqda”, - deb taʼkidladi Elboboyev Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga.
Hozirgi vaqtda uning oliygohida qishki taʼtil, ammo oʻqish qachon boshlanishi nomaʼlum.
“Shaharda 31 yanvarga qadar karantin eʼlon qilingan. Shaharga hech kim chiqmayapti. Uy yaqinidagi doʻkonga borilyapti. Oziq-ovqat narxlari sezilarli darajada - taxminan ikki baravarga koʻtarildi”, - deydi talaba.
Elboboyev kasallik tarqalishiga qaramasdan, u Xitoyda oʻqishni davom ettirish niyatda ekanligini maʼlum qildi.
“Ota-onam xavotir olishmoqda, vaziyat barqarorlashganda uyga qaytib kelishimni istashyapti. Men fevralda Oʻzbekistonga bormoqchiman, biroq semestr boshlanganda, oʻqishni davom ettirish uchun Xitoyga qaytib kelaman”, - deb qoʻshimcha qildi talaba.
Dekabr yakunida Xitoy hukumati Xubey provintsiyasi markazi boʻlgan Uxan shahrida nomaʼlum pnevmoniya tarqalishi haqida xabar qilingandi. Keyinchalik, kasallik qoʻzgʻatuvchisi koronavirus 2019-nCoV ekani aniqlandi. Bemorlarning soni tez fursatda oshmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu virus bilan kasalanish holati 600 kishida aniqlandi, 17 kishi vafot etdi.