Chunki shu paytgacha yuritilayotgan siyosatdan, ishlar va tadbirlardan chekinish holati kuzatilmadi, balki ularni yangi pog‘ona, yangi bosqichga olib chiqish haqida so‘z bordi.
Yilning nomlanishi ham yil siyosatining maqsadi, mazmunini qisqacha, aniq va lo‘nda tushuntirib berdi. Avvallari bo‘ladiganday, avval yil nomini belgilab, keyin tadbirlarni shunga moslashtirishga urinishar bo‘lmadi.
Albatta iqtisodiyot, ijtimoiy siyosat, ma’naviy hayotda rejalashtirilayotgan kompleks tadbirlar haqida ko‘p aytish mumkin, lekin bugun ommaning e’tiborini tortayotgan asosiy mavzular pasport tizimi, kambag‘allar, "halollik vaksinasi", ta’lim yo‘nalishi bo‘lmoqda.
Prezident biroz hazil, ozroq armon bilan "... lekin o‘sha "halollik vaksinasi"ni qaydan olamiz?" degan fikrni bildirib o‘tdi. Darhaqiqat, korupsiyaga qarshi kurash, adolatni bosh mezon qilib olish aytishga oson. Ilgarigi tuzumlardan ma’lumki, qaysi tashkilotga korrupsiya bilan kurashish vakolati yuklatilsa, bu illatning barcha rishtalari o‘sha tashkilotga borib ulanaverardi. Bunday tashkilot, korrupsiyaga qarshi kurash emas, balki, ta’bir joiz bo‘lsa, uni boshqarish va tartibga solish bilan mushg‘ul bo‘lib ketardi.
Hech qanday jazo, hech qanday xavf buning oldini ololmagan. Buning yagona yo‘li – "halollik vaksinasi". Ya’ni, halollik insonning ongu shuurida bo‘lishi lozim. Uni esa paydo qilish kerak bo‘ladi. Yilning nomida "ma’rifat" so‘zi ishtirok etayotgani ham shundan. Ochko‘zlikni, yebto‘ymaslikni faqat ma’rifat bilan yengish mumkin-da. Millatning yuzlab yillar davomida yiqqan bilimi, tajribasi, ma’naviy qadriyatlari, albatta, "halollik vaksinasi"ni paydo qilish uchun yetarli bo‘ladi.
Murojaatnomada xalqimizning minglab kitoblarda joylashgan ma’naviy boyliklari o‘z o‘quvchisi, tadqiqotlarini kutib yotgani haqida ta’kidlab o‘tilishi ham bejiz emas. O‘qish, o‘rganish, tadqiq qilish va fuqaro ongiga joylashtirish – o‘zlikni anglash, halollikni turmush tarziga aylantirishning asosiy qoidasi shu.
Albatta, korrupsiya, poraxo‘rlik har qanday zamonda, har qanday davrda, har qanday tuzumda bo‘lgan, lekin bu millat hamma zamonlarda ham unga illat sifatida qaragan, ma’rifat, adolatni ulug‘lagan, unga sig‘ingan. Bunga ishonmaganlar, shubhalanganlar yuzlab yillar davomida amal qilib kelgan qadriyatlarni tahlil qilib ko‘rishi mumkin. Minglab yillar burun tosh qotgan organizmlar o‘sha davrlar haqida qanchalar ma’lumot bersa, qadriyatlar ham millatning o‘zligi to‘g‘risida shuncha axborot beradi.
Prezident jinoiy jazoni liberallashtirish yo‘lini taklif qilmoqda.
Hozircha bu tadbirkorlik sohasi yo‘nalishida aytilganiga qaramay, bir-necha kodekslarning yangilanishi yo‘nalish shu tomonga qaratilganini ko‘rsatadi. Kodekslar shunchaki, so‘zlarini o‘zgartirish uchun yangilanmaydi. Darvoqe, murojaatnomadagi “uyushgan jinoiy guruh” haqidagi tanqidiy fikr ham gapimizni isbotlaydi.
Ilm, ma’rifat – prezident avvaldan e’tibor qaratayotgan soha
Kelgusida ham ushbu yo‘nalishda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi Murojaatnomada bayon etildi. Ma’lum bo‘lyaptiki, O‘zbekistonda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi Afg‘onistondagidagidan ham past!
Bu yil bitiruvchilarning 25 foizini oliy ta’lim bilan qamrab olinishi rejalashtirilmoqda. Kelasi yillarda 50-60 foizga yetkaziladi. Bunda ayniqsa, qizlarga alohida kvotalar ajratilishi, davlat grantlarining oshirilishi tahsinga loyiq.
Shunga qaramay, endi odamlar to‘ylarga zo‘r bermay, topgan-tutganini yig‘ib, farzandlarini o‘qitishga sarflasalar yaxshi bo‘lardi. Balki to‘ylarni, ma’rakalarni tartibga solishdan ko‘zlangan yana bir maqsad ham shundandir. Chunki avvalroq inson kapitaliga alohida e’tibor qaratilishi, bu eng samarali yo‘nalish sanalishi ta’kidlab o‘tilgan edi.
XIX asrda krepostnoylik tizim bo‘lgan, XXI asrda propiska tizimi...
Shu kabi o‘xshatishlar, taqqoslar ko‘p uchramoqda. Darhaqiqat, propiska bir paytlar sovet krepostnoylarini bir joyda tutib turishga qaratilgan, keyin xavfsizlik nuqtayi nazaridan bekor qilinmagan va bugungacha saqlanib kelayotgan salbiy amaliyot. Endi, Murojaatnomadan keyin ichki migratsiya mamlakat taraqqiyotida muhim rol o‘ynashi haqida, AQSh tajribasiga tayanib mulohazalar bildirilmoqda.
Propiskani bekor qilish prezident urbanizatsiya siyosatining uzviy bo‘lagi sifatida bekor qilinishi kutilmoqda. Bu bilan fuqarolarning erkinligi, ozodligi ta’minlanadi.
Lekin mutlaq ijobiy holat bo‘lishi mumkin emas, yangilikni joriy etayotganda uning salbiy tomonarini ham o‘rganib, shunga tayyor turilgan ma’qul. Haddan ortiq erkinlik jinoyatchilikning oshib ketishiga olib kelgani kabi propiska tizimining bekor qilinishi so‘zsiz yirik shaharlarda uy-joy narxining keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Rivojlangan mamlakatlarning erkinlik tizimi haqida so‘z yurita turib, ularda yirik shaharlardagi uy-joy narxiniyam nazardan qochirmaslik, ularda asosiy aholi ijarada yashashiniyam unutmaslik lozim. Yo‘q, bu salbiy fikrlar emas, vaziyatga hushor qarash. Hammaning o‘z xonadoni, uyi bo‘lishiga ko‘nikkan millatga ertaga bu og‘ir tuyulishi mumkin.
Albatta, prezident bularni yaxshi biladi va oldindan chorasini ko‘rish ilinjida. Uy-joy qurilishi, kam ta’minlangan qatlamga ipoteka kreditlarining ajratilishi, uy-joy qurilishiga xususiy sektorning keng jalb etilishi masalalari bu yo‘ldagi harakatlardan biri.
Darvoqe, mamlakatda kambag‘allar borligi, ularning soni kam ham emasligi ilk bor qayd etib o‘tildi. Eski bir aqida bor – kambag‘alga har kuni bitta baliq berma, bu uni boqimandaga aylantiradi, bir marta qarmoq bergin, o‘z kunini o‘zi ko‘rib ketadi, degan. Prezident aynan shu yo‘ldan bormoqchi. Ijtimoiy nafaqa, ta’minot miqdorini oshirish bilan natijaga erishib bo‘lmasligi, balki kam ta’minlangan tabaqani tijoratga o‘rgatish lozimligi, bu yo‘lda tadbirlar tashkillatirilishini ta’kidladi.
Shu jarayonda biroz o‘xshamayotgan holat - amaldorlarning yoppasiga pasport tizimiga qarshi chiqa boshlagani, kambag‘allar haqida ketma-ket chiqishlar bo‘layotgani. Albatta bular xalqning dardi, alami edi, lekin buni prezident aytgunga qadar rahbarlar bilmas ekanmi? Haq gapni, to‘g‘ri yo‘lni ma’qullash kerak, lekin buni kampaniyabozlikka aylantirib yubormagan ma’qul. Chunki har qanday yaxshilik ham kampaniyabozlik boshlanib ketsa, oqibati ijobiy bo‘lmaydi.