TOShKENT, 11-yanvar – Sputnik. AQShning DuPont transnatsional kompaniyasi yordamida Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston global oziq-ovqat xavfsizligi reytingida 71-o‘rinni egalladi. Bir yil oldin, ushbu ro‘yxatda mamlakat 80-o‘rinda edi.
2018 yilda bo‘lgani kabi 2019-yilda ham reytingga 113 ta mamlakat kiritilgan. 2019-yilda 87 mamlakat o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshiladilar, 18 mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi darajasi pasaydi, 8 mamlakatda ko‘rsatkichlar o‘zgarishsiz qoldi. 2018-yilda reytingning 80-pog‘onasini egallagan O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilab, 71-pog‘onaga ko‘tarildi. Qozog‘iston (48-o‘rin) va Tojikiston (93-o‘rin) ham ushbu indeksdagi reytinglarini yaxshiladilar.
O‘zbekiston shaharlarning oziq-ovqat oqimlari o‘zlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining import tariflari ko‘rsatkichlarini yaxshiladi. Ammo, shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining o‘zgaruvchanligi, qishloq xo‘jaligi sohasida tadqiqot qilish uchun davlat xarajatlari va oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxidagi o‘zgarishlar kabi ko‘rsatkichlari salbiy dinamikani ko‘rsatdi.
Dunyo oziq-ovqat xavfsizligi indeksini o‘rganish 2012-yildan beri olib borilmoqda va hozirgi vaqtda dunyoning turli mamlakatlaridagi oziq-ovqat xavfsizligi holatining eng to‘liq to‘plamini aks ettiradi.
Indeks davlatlar siyosati va ularning institutlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi samaradorligini o‘lchaydi. Tadqiqot dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi ko‘rsatkichlarining uchta asosiy guruhini tahlilini taqdim etadi:
1. Oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish va iste’moli darajasi.
2. Oziq-ovqatning mavjudligi va yetarliligi.
3. Oziq-ovqatning sifati va xavfsizligi darajasi.
Ushbu toifalar qiymatlari ikki yil davomida o‘lchanadigan 28 xil ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Hisoblashda xalqaro tashkilotlar va milliy institutlarning ma’lumotlari qo‘llaniladi. Ko‘rsatkichlar tahlili asosida dunyo mamlakatlarining Oziq-ovqat xavfsizligi indeksi bo‘yicha yakuniy reyting tuziladi.
Mamlakatning reytingda yuqori mavqega ega ekanligi uning oziq-ovqat xavfsizligi yuqori darajada ekanligini anglatadi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki,muqaddam O‘zbekiston ancha yaxshi natijalarni ko‘rsatgan edi. 2016-yilda davlat ushbu xalqaro reytingda 64-o‘rinni egallagan.