O‘zbekiston
Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z Yangi yil murojaatini millat uchun muhim xabardan boshladi: xalq milliy yuksalishning muhim bosqichiga qadam qo‘yayotganini aytdi.
Ijtimoiy masalalar, mamlakat ichki va tashqi siyosati ham davlat rahbari e’tiboridan chetda qolmadi. Xususan, ish haqi va aholi real daromadini oshirish, odamlar yashash sharoitini yaxshilash, arzon uy-joylar, ta’lim va tarbiya masalasida boshlangan ishlar davom ettirilishi, aholi salomatligini mustahkamlash, nuroniylar, ayollarga e’tibor va g‘amxo‘rlik yanada kuchayishi sanab o‘tildi.
"Tinchlik va barqarorlikni, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va ahillikni mustahkamlash asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi. Bu borada dunyo hamjamiyati, avvalo, yon qo‘shnilarimiz bilan samarali hamkorlikni har tomonlama kuchaytiramiz", - dedi O‘zbekiston rahbari.
Prezident o‘z tabrigi yakunida 2020-yil har bir oila, har qaysi xonadonga qut-baraka, baxt va omad olib kelishini, barcha ezgu maqsadlar ro‘yobga chiqishini, O‘zbekiston gullab-yashnashini tiladi.
Qozog‘iston
Qozog‘iston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev birinchi marta qozog‘istonliklarni Yangi yil bilan tabrikladi.
Qozog‘iston yetakchisi o‘z murojaati avvalida 2019-yil mamlakat uchun tarixiy yil bo‘lganini ta’kidladi. Zamonaviy Qozog‘iston asoschisi - Yelbasi Nursulton Nazarbayev boshlab bergan strategik yo‘nalish davom ettirilishini qo‘shimcha qildi. Tokayev, shuningdek, olti oy davomida ijtimoiy sohada o‘z yechimini topgan masalalar haqida gapirdi va "eshituvchi davlat" konsepsiyasi amala oshirilishi boshlanganini ma’lum qildi.
"Turli fikrlarga qaramay, biz yagona millatmiz. Biz, bizga buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan millat birdamligini ko‘z qorachig‘idek avaylashimiz darkor", - deya eslatib o‘tdi prezident.
2020 yil uchun rejalar sanab o‘tildi. Qonunchilik, sud va huquq-tartibot sohasida muhim islohotlar amalga oshirilishidan tashqari, davlatchilik mustahkamlanishi uchun muhim sanalarni hashamat va dabdabasiz nishonlash rejalashtirilmoqda. Bular: Konstitutsiyaning 25-yilligi, shoir va faylasuf Abay, buyuk mutafakkir va faylasuf al-Forobiyning yubiley sanalari. Qozog‘iston, shuningdek, Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 75-yilligini nishonlaydi.
Tokayev oldinga qo‘yilgan maqsadga erishish uchun urinishlarni birlashtirish kerakligini aytib, Qozog‘iston xalqini farovonlikka erishish yo‘lida birlashishga chaqirdi.
Tojikiston
Emomali Rahmon 2019-yil mamlakat uchun muhim yutuqlar davri bo‘lganini e’tirof etdi.
Tojikiston fuqarolarini Yangi yil bilan tabriklar ekan, Emomali Rahmon yurtdoshlarga sog‘lik, farovon hayot, baxt va gullab-yashnashni tiladi. 2019-yil Tojikiston uchun muhim yutuqlar davri bo‘ldi, dedi davlat rahbari.
Rahmon, shuningdek, chet eldagi vatandoshlarga ham tabrik yo‘lladi.
"Bu yil mamlakat aholisining sayi-harakatlari, yaratuvchanlik ishlari va tashabbuslari misli ko‘rilmagan ko‘lamga ega bo‘ldi. Vatanparvarlik kayfiyatidagi xalqimiz esa Vatanimiz yanada farovon bo‘lishi va chiroy ochishi uchun yelkama-yelka, g‘ayrat bilan mehnat qildi", - dedi Tojikiston prezidenti.
Tojikiston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, respublika erishgan eng katta yutuqlardan biri bu Rog‘un GESining ikkinchi agregati ishga tushirilishi bo‘ldi.
"Bu energetika sohasidagi ulkan yutuq, Tojikistonning energetika mustaqilligi yo‘lida qo‘yilgan yana bir qadamdir", - deya o‘z murojaatini yakunladi Rahmon.
Qirg‘iziston
Davlat rahbari o‘z Yangi yil murojaatida o‘tgan yilda erishilgan yutuqlar haqida gapirdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 2019-yilda mamlakatda muhim voqealar yuz berganini eslatib o‘tdi: regionlar rivojlana boshladi, mamlakatda keng ko‘lamli raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, Qirg‘izistonning xalqaro imidji mustahkamlandi. Jeenbekov bu yutuqlar ortida qirg‘izistonliklarning kundalik mehnati va urinishlari yotganini e’tirof etdi.
Davlat rahbari shuningdek, 2020-yilda yosh avlodga katta e’tibor qaratilishini aytdi. "Ishonchim komilki, kuchlarimizni birlashtirib, har bir bolaga munosib hayot sharoitlarini yarata olamiz", - dedi prezident.
Shu bois, 2020-yil Qirg‘izistonda regionlarni rivojlantirish, mamlakatni raqamlashtirish va bolalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilindi.
"Bolalar haqida g‘amxo‘rlik - biz bu hayotda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan eng olijanob ish", deya eslatdi Jeenbekov.
Turkmaniston
Turkmaniston 2020 yilda suveren davlat sifatida mamlakatning doimiy betarafligi 25-yilligini katta tantana bilan nishonlashni rejalashtirgan.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, farovon kelgan 2019-yil davomida amalga oshirilgan ijtimoiy islohotlarni birma-bir sanab o‘tib, "davlat - inson uchun" shiori ostida poytaxt va regionlarda tibbiyot maskanlari bunyod etilayotganini, xalq salomatligi - davlatning eng asosiy boyligi ekanligini ta’kidladi.
Davlat rahbari shuningdek, betaraf davlat sifatida o‘z tashqi siyosatining asosiy masalalarini aniq belgilab olganligini aytib o‘tdi. Turkmaniston jahonda mustaqil mamlakat sifatidagi rolini kuchaytirib, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarini yangi bosqichga chiqarishni maqsad qilgan.
Berdimuhammedov Yangi yil murojaatida 2020-yil Turkmanistonda "Turkmaniston – betaraflik vatani" shiori ostida o‘tishini e’lon qildi.