TOShKENT, 1 yanv - Sputnik. Facebook hamda Telegram ijtimoiy tarmoqlarida Otabek Nuritdinov niki ostida blog yuritgan Abdufatto Nuritdinov ma’muriy qamoqqa olindi, deb xabar qildi Andijon viloyati prokuraturasi.
Ta’kidlanishicha, blogerga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
"Asaka tumani hokimi Erkinjon Yakubov, tumandagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori M.Isaqova va Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukovlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining ishonch telefoniga murojaat qilib, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali 2019-yil 4-avgust, 7-oktabr va 18-oktabr kunlari Otabek Nuritdinov nikli akkaunt foydalanuvchisi ularni obro‘sizlantiruvchi, shaxsiyatini sharmanda qiluvchi, haqoratli uydirmalar hamda tuhmat va bo‘xtondan iborat ma’lumotlarni tarqatganligini aytib, qonuniy chora ko‘rishni so‘rashgan", - deyiladi prokuratura bayonotida.
Bundan tashqari, B.Qoxxorov Asaka tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, 2019-yil 30-dekabr kuni soat 10.30 larda Asaka tuman Moliya bo‘limi oldida A.Nuritdinov uni jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kkanligi uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi "Otabek Nuritdinov nikli akkaunt 1983-yil Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan, Asaka shahrida yashovchi Nuritdinov Abdufatto Kamolitdinovichga tegishli ekanligi aniqlangan.
Prokuratura xabariga ko‘ra, Nuritdinov sudda aybiga iqror bo‘lmagan, yuqoridagi shaxslarga nisbatan Facebookda bildirgan fikrlarini hokimiyat vakillarini hamda fuqarolarni obro‘sizlantirish va haqorat qilish deb bilmasligini aytgan va 30-dekabr kuni hech kimga so‘kinmaganligini bildirsa-da, uning aybi jabrlanuvchi B.Qoxxorov, guvohlar D.Rasulov, J.Ismoilov, jabrlanuvchi M.Isaqova, guvoh F.Raximova, guvoh Sh.Usmonov va boshqalarning tushuntirishlari hamda surishtiruv jarayonida to‘plangan ijtimoiy tarmoqdan olinib, nusxalari ilova qilingan yozishmalar va fotolavhalar, o‘rganish ma’lumotnomalari va ularga ilova qilingan hujjatlar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar majmui bilan o‘z isbotini topgan.