TOShKENT, 31 dek — Sputnik. Sputnik Estoniya jurnalistlari Tallin tomonidan jinoiy ta’qib bo‘yicha bo‘layotgan tahdidlar tufayli 2020-yilning 1-yanvaridan redaksiya bilan mehnat munosabatlarini to‘xtatishga majbur.
"Sputnik Estoniya va "Rossiya segodnya" XAA ushbu qarorda o‘z xodimlarini qo‘llab-quvvatlaydilar", — deyiladi Rossiya axborot agentligi matbuot-xizmati tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda. Matn Sputnik Estoniya saytida e’lon qilingan.
Maktubda qayd etilishicha, tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, eston hukumati tomonidan bo‘layotgan tahdidlarning mantiqsizligi shundoq ayon bo‘lib turgan bir vaqtda, bugungi Yevropada jurnalistlarning jinoiy ta’qibga olinishi - bu real holat.
"Insonlar erkinligini xatar ostiga qo‘yish imkonsiz. Estoniya rejimining o‘z fuqarolariga qarshi harakatlarini ochiq ta’qibga olish, huquqiy tartibsizlik, totalitarizmning bo‘y ko‘rsatishi va so‘z erkinligining eng qo‘pol ravishda buzilishi, deb hisoblaymiz. Bu YeIda misli ko‘rilmagan hodisadir. Jurnalistlarning yagona "aybi" — bu Rossiya OAVsida ishlayotganidir", — deya ko‘rsatilgan bayonotda.
"Rossiya segodnya" XAA matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, OBSE vakili Arlem Dezir, YeI tomonidan Dmitriy Kiselovga qarshi kiritilgan yakka tartibdagi sanksiyalarning butun agentlik va jurnalistlarga nisbatan kengaytirilishi - bu matbuot erkinligi uchun katta muammodir, deya fikr bildirgan.
"Sputnik jurnalistlari eston kuch tuzilmalari tomonidan jinoiy ta’qibga olinishdan xavfsiramay ishlashlari uchun barcha zaruriy yuridik va boshqa choralarni ko‘ramiz", - deyilgan xabarda.
Redaksiya faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan, ammo kelajakda Sputnik Estoniya sayti o‘z faoliyatini davom ettiradi, deb qo‘shimcha qilingan matbuot-xizmati xabarida. Sayt o‘z ishini to‘liq hajmda tiklash uchun vaqt kerak bo‘ladi.
"Rossiya segodnya" XAA barcha xalqaro va Yevropa tashkilotlarini Estoniya hukumati harakatlariga nisbatan o‘z pozitsiyalarini bildirishga chorlamoqda.
"Xususan, BMT, YeI, OBSE (YeXHT), Yevroparlament, "Chegara bilmas reportorlar"ga murojaat qilyapmiz. Jurnalistlar hamjamiyati, jamoat arboblari, siyosatchilar va xalqaro tashkilotlarga hamkasblarni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorlik bildiramiz. Ruhiy madad hozir juda muhim va kelajakda ham kerak bo‘ladi", - deyilgan bayonotda.
2019 yilning oktabr oyi oxirida xalqaro bank guruhlarining eston filiallari "Rossiya segodnya" XAAning Sputnik Estoniya xodimlariga maosh o‘tkazmalari, ofis ijarasi uchun soliq to‘lovlari va ijara to‘lovlarini muzlatib qo‘yishdi. Agentlik murojjat etgan Estoniyaning boshqa banklari ham ushbu operatsiyalarni o‘tkazishdan bosh tortdi. Bularning hammasi pul o‘tkazmalar Sputnik᾽ning Estoniyadagi qariyb to‘rt yillik faoliyati davomida mahalliy banklarda savol tug‘dirmagan vaqtda ro‘y bermoqda.
Ta’kidlanishicha, bank tuzilmalariga va Sputnik᾽ning Estoniyadagi kontragentlariga bosim Estoniya politsiya departamenti va chegara xizmatining davlat "Pul yuvish to‘g‘risidagi ma’lumotlar burosi" (RAB) tomonidan o‘tkazilmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin, yuzaga kelgan vaziyatga izoh berar ekan, RF hukumati Sputnik faoliyatini boshqa davlatlarda qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatni ishga solishini aytgan edi. Davlat rahbari, Estoniya hukumatining agentlik xodimlari ishiga halal berishga urinishi sezilmasdan qolishi kerak emasligini alohida ta’kidlagandi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Sputnik Estoniyaning siquvga olinishiga doir Moskva javobi "kompleks va qiziq" bo‘lishini ma’lum qildi.