Swedbank Sputnik Estoniya xodimlarini ularning hisob raqamlari yopilgani va xizmat ko‘rsatishga doir shartnomalar bekor qilingani haqida ogohlantirdi, deb xabar bermoqda agentlik.
Oktabr oyi oxirida xalqaro bank guruhlarining Estoniyadagi filiallari Sputnik Estoniya uchun oylik maosh, soliqlar va ofis ijarasi uchun pul jo‘natmalarini muzlatib qo‘ydilar. Agentlik murojaat qilgan boshqa banklar ham bu operatsiyalarni amalga oshirishdan bosh tortdilar.
Sputnik Estoniya xodimlari ilgariroq mamlakat Politsiya departamenti va chegara qo‘rig‘i xizmatidan agar 2020-yilning 1-yanvariga qadar "Rossiya segodnya" XAA bilan mehnat munosabatlarini to‘xtatmasalar, o‘zlariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishi bayon etilgan ochiq tahdidli maktublarni olgan edilar.
Bundan tashqari, Tallindagi ijara beruvchi tahririyatni shartnomani bir tomonlama bekor qilayotgani haqida ogohlantirdi.
Estoniyalik siyosatshunos Yevgeniy Golikov Sputnik radiosi efirida tahririyatga o‘tkazilayotgan bosimlar to‘g‘risida o‘z fikrini bildirdi.
"Meni fikrimcha, hukumat (Estoniya hukumati, - tahr.) birgina sababga ko‘ra qattiq turmoqda. Uning Sputnik Estoniyaga qarshi shaxsiy adovati borligi shubhali ‒ shunchaki, hukumatga kimdir bu haqda iltimos kiritgan bo‘lishi mumkin. Axir biz bu borada o‘zimizni unchalik mustaqil tutmaymiz-ku. Menga bu holat 40-yil oldin, ya’ni sovet hukumatida bo‘lgan voqealarni esga solmoqda. O‘shanda Estoniyada: Moskvada hali musiqa chalinmadi, biz esa raqs tushib ketdik, deya hazil qilishardi. O‘sha vaqtda bizga axborot Kremldan kelardi, hozir esa boshqa joydan - lekin munosabat o‘sha-o‘sha. Odat-da, nima deysiz", ‒ deya o‘z fikrini bildirdi Yevgeniy Golikov.
Tallin Sputnik Estoniyaga qarshi harakatlarini 2014-yil, Ukrainada yuz bergan voqealardan so‘ng Yevropa Ittifoqi tomonidan qator jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, "Rossiya segodnya" XAA bosh direktori Dmitriy Kiselevga qarshi kiritilgan sanksiyalar bilan asoslamoqda.
YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir Tallinning personal sanksiyalar ta’sirini Sputnik Estoniya jamoasiga qarshi joriy etishga intilishi OAV erkinligi sohasida muammolarni yuzaga keltirayotganligini aytib o‘tgan.
"Rossiya segodnya" XAA bosh muharriri Margarita Simonyan Estoniya prezidenti Kersti Kalyulaydga jurnalistlarning hibsga olinishiga yo‘l qo‘ymaslik chaqirig‘i bilan murojaat qilgan.