O‘zbekiston TIV rahbari 2019-yilda ro‘y bergan eng muhim tashqisiyosiy voqealarni sanab o‘tdi
Respublika TIV rahbari Parlament saylovlarining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanidan keyin Sputnik O‘zbekiston agentligiga bergan eksklyuziv sharhida o‘tgan yil tashqi siyosatida ro‘y bergan muhim voqealar haqida gapirdi.
Uning fikricha, bu voqealar u yoki bu ma’noda Markaziy Osiyo mintaqasida stabillik va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlik masalalarini mustahkamlash bilan bog‘liq bo‘ldi.
"Eng birinchi navbatda, Toshkent shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo rahbarlari sammitini muhim voqea sifatida aytish mumkin. Unda birinchi bor bizning hamkorligimizning asosiy fundamental yo‘nalishlari shakllantirildi hamda to‘planib qolgan murakkab va nozik muammolarni hal etish yo‘llari bayon qilindi", - deb qayd etdi Abdulaziz Kamilov.
2019 yilning ikkinchi muhim yakuni sifatida, vazir Afg‘onistonda tobora jonlanayotgan, dunyoning eng yetakchi mamlakatlari ishtirok etayotgan muzokaralar jarayonini misol keltirdi.
"Saqlanib qolayotgan ziddiyatga qaramay, O‘zbekiston qo‘shni qardosh Afg‘onistonga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishda davom etmoqda. Umid qilamizki, bizning urinishlarimiz izsiz kechmaydi. Tobora faollashayotgan muzokaralar jarayoni ham bundan dalolat bermoqda. Bu holat Afg‘oniston Islom Respublikasi markaziy hukumati va muxolifat o‘rtasida muzokaralar boshlanishiga umid beradi. Asosiysi, biz ushbu masalada mintaqaviy va global miqyosda kelishuvga kela oldik", - deb qayd etdi O‘zbekiston TIV rahbari.
Abdulaziz Kamilov, shuningdek, Toshkentning dunyoning yetakchi mamlakatlari, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, AQSh va Yevropa mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik, madaniy va gumanitar aloqalari faollashayotganini tilga oldi. U mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Yaponiyaga bo‘lib o‘tgan tashrifini misol keltirdi.
"Dastur juda sermazmun edi. Tashrif yakuniga ko‘ra, keng qamrovli hamkorlik strategiyasi tayyorlandi, bunda birinchi navbatda iqtisodiy, moliyaviy va texnologik sohalar qamrab olindi. Yaponiya bilan birorta siyosiy kelishmovchiligimiz yo‘q, bu esa boshqa yo‘nalishlarda ham sermahsul hamkorlik qilishimizga imkon yaratadi", - deb qayd etdi diplomat.
Rasmiy Toshkentning nihoyalab borayotgan yildagi tashqi siyosiy aloqalariga to‘xtalar ekan, TIV rahbari, O‘zbekistonning boy ma’naviy va madaniy merosini hisobga olgan holda, musulmon davlatlariga ham e’tibor qaratilganini aytdi.
Tashqi ishlar vaziri xalqaro moliyaviy institutlar - Butunjahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar bilan o‘rnatilgan aloqalar ham yutuq sifatida e’tirof etdi.
Shu bilan birga, Kamilovning so‘zlariga ko‘ra, madaniy-gumanitar aloqalar mintaqada vaziyat barqarorligida muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston esa deyarli barcha davlatlar bilan bunday aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga va rivojlantirishga harakat qilmoqda.
"Aksariyat mintaqalarda mojarolar va qarama-qarshiliklar, zo‘ravonlik hukm surayotgan davrda aynan gumanitar aloqalar muhim ahamiyatga ega, odamlar, millatlar va dinlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash kerak. Shu ma’noda bizning respublikamiz katta tajriba va merosga ega, va bu tufayli barcha davlatlar bilan yaxshi munosabatlarni o‘rnatish imkoniga egamiz", - xulosa qildi vazir.
O‘zbekiston TIV rahbarining to‘liq izohini radiopodkastimizda rus tilida tinglashingiz mumkin.