TOShKENT, 2 dek - Sputnik. Xiva shahri 2020-yilda Turk dunyosining madaniy poytaxti deb e’lon qilindi. Bu haqda Turksoy Madaniyat vazirlari kengashining O‘shda bo‘lib o‘tgan 37-yig‘ilishida ma’lum qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va turizm vazirligi xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, qaror Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Turkmaniston vakillari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangan.
Madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Akilova O‘zbekiston tarafidan ishtirok etgan va bugungi kunga qadar o‘zligini saqlab qolgan Xiva obidalari haqida so‘zlab bergan.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sammitida 2020-yilda Xiva shahrini Turk dunyosi madaniy poytaxti deb e’lon qilishni taklif qilgan edi.
Turk dunyosi madaniy poytaxti sifatida har yili Turkiy tilli davlatlar shaharlaridan biri tanlab olinadi. 2019-yilda bu maqomga Qirg‘izistonning O‘sh shahri egalik qilmoqda. 2012-yilda Ostona shahri birinchi Turk dunyosi madaniy poytaxti bo‘lgan.
Xalqaro turk madaniyati tashkiloti – TURKSOY turkiy xalqlarning do‘stligi va o‘zaro hamjihatligini mustahkamlash, umumiy turk madaniyatini kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida faoliyat olib boradi.