TOShKENT, 22 dek – Sputnik. O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev saylov kampaniyasi davomida prokuraturaga 65 murojaat tushganini ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh prokuraturada salohiyatli xodimlardan iborat Shtab tashkil etilgan va unga bosh prokuror o‘rinbosari, bir necha yillar Markaziy saylov komissiyasida faoliyat ko‘rsatgan Svetlana Artikova rahbarlik qilmoqda.
Hududlar kesimida, murojaatlar, Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlariga 1 tadan, Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 2 tadan, Buxoro viloyatiga 3 ta, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlariga 4 tadan, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga 6 tadan, Farg‘ona viloyatiga 7 ta, Surxondaryo viloyatiga 24 ta to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarning 30 tasi bevosita fuqarolardan, shu jumladan, 9 tasi saylovda ishtirok etayotgan nomzodlardan hamda 35 tasi davlat organlari va muassasalar, xususan, Markaziy saylov komissiyasidan kelib tushdi. Murojaatlarning 12 tasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 53 tasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilayotgan saylovlarga bog‘liq masalalar yoritilgan.
Murojaat va shikoyatlar mazmuniga kelsak, kelib tushgan murojaatlarning 37 tasi yoki qariyb 56 foizida
siyosiy partiyalar tomonidan muayan shaxslarning nomzod sifatida ko‘rsatilmaganligi, buning oqibatida ular saylovda ishtirok eta olmaganligi qayd etilgan.
Shu mazmundagi shikoyat bilan murojaat qilgan fuqarolarga qonun talablari tushuntirilgan.
Qayd etilishicha, murojaatlarning 11 tasida mahalliy ijroiya hokimiyati organlari vakillari saylov jarayoniga noqonuniy aralashganligi haqidagi vajlar bayon etilgan.
Mazkur murojaatlar prokuratura organlari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi. Lekin mahalliy ijroiya hokimiyati vakillari saylov jarayoniga aralashganligini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmadi.
Kelib tushgan yana 7 ta murojaatlarda nomzodlar deputatlikka mos emasligi haqida vajlar keltirilgan.
Mazkur murojaatlarni o‘rganishda, nomzodlarning saylovda ishtirok etishiga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmagan.
Qolgan 10 ta murojaatlar saylovchilar ismi, sharifini qayd etish va shu kabi boshqa tashkiliy, texnik xatoliklar bilan bog‘liq bo‘lib, ular joyida bartaraf etildi.
Bosh prokuratura hozirda ijtimoiy tarmoqlarda hududlarda saylov o‘tkazilishida qonun buzilishi holatlari haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda.