TOShKENT, 9 dek – Sputnik. Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining Hindistonning Gujarat shtatiga amalga oshirgan safari doirasida qator loyihalarni amalga oshirish maqsadida “Natural Storage Solutions Pvt. Ltd.”, “Nath Bio-Genes”, “Paragon Irrigation Pvt. Ltd.” va boshqa kompaniyalar bilan anglashuv memorandumlari imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, “Natural Storage Solutions Pvt. Ltd.” kompaniyasi bilan innovatsion texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Mazkur loyiha bo‘yicha innovatsion texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan zavod qurilishi rejalashtirilgan.
“Nath Bio-Genes” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 20 gektar yer maydonida yuqori texnologiyalar asosida elita urug‘ ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hozirda elita urug‘ ishlab chiqaruvchi o‘zbek-hind qo‘shma korxonasi uchun yer ajratish, xususan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududiga kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda.
“Paragon Irrigation Pvt. Ltd.” kompaniyasi bilan innovatsion texnologiyalar asosida tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonani tashkil etiladi. Hozirda korxona uchun yer ajratish, xususan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududiga kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda. Kelgusida mazkur hind kompaniyasi bilan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.