TOShKENT, 13 noya – Sputnik. 2019 yil o‘tgan davr mobaynida qator jiddiy jinoyatlar O‘zbekiston aholisi e’tibori markazida bo‘ldi, xorijiy va mahalliy OAVlarda yoritilib, jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilindi.
O‘zbekistonda jinoyat turlari IIV rasmiy axborotiga ko‘ra 26 foizga kamaygani e’lon qilindi. Sputnik O‘zbekiston respublikada sodir bo‘lgan eng shov-shuvli jinoiy huquqbuzarliklar va mudhish hodisalarni e’tiboringizga havola qiladi.
Samarqandda ona o‘z qizlarini pichoqlab o‘ldirdi
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida sodir bo‘lgan ayanchli qotillik ko‘pchilikni esankiratib qo‘ydi. 30 yoshni qoralagan N.Xo‘jaqulova (ism-shariflari o‘zgartirilgan) eri Rossiyaga ishlash uchun ketgan vaqtda, uning ukasi bilan ishqiy munosabat o‘rnatadi. Nasiba birinchi turmushidan tug‘ilgan hali yetti yoshga to‘lmagan qizi Baxtigul sabab qaynukasi bilan janjallashib qolib, Baxtigulga 12 marotaba, 5 yoshga to‘lmagan qaynukasidan tug‘ilgan Mahliyoga esa 5 marotaba pichoq urib, o‘ldiradi.
Sud hukmi bilan Nasiba 13-yil, Nurali 17-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sergelida er-xotin 5 yashar qizchani gumdon qildi
Joriy yil 4-noyabr kuni fuqaro A.V. huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilib, 5 yashar qizi D.K.ni Bektemir tumanida joylashgan “Compass” savdo majmuasida yo‘qotib qo‘yganligi haqida ma’lum qiladi.
Bir ozdan so‘ng esa Toshkent shahar prokuraturasi qizchaning Sergeli tumanidagi ijara uyida o‘z onasi va onasining sha’riy nikohdagi eri bilan yashab kelganligi, 25-oktabr kechasi soat 03:00 lar atrofida spirtli ichimlik iste’mol qilgan er-xotin tomonidan qizchaning avval do‘pposlanib, so‘ng o‘ldirilganligini ma’lum qildi. Qotil er-xotin jinoyatni yopish maqsadida shu kuni tongda qizcha jasadini Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi ijaraga olingan dala hovliga olib borishadi. Ular marhuma go‘dakni avval o‘choqda yoqib, yonmay qolgan qoldiqlarini qopga solib, Chirchiq darosiga tashlab yuborishadi.
Ayni damda qasddan sodir etilgan mazkur qotillik bo‘yicha A.V. hamda M.F. Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston sobiq bosh prokurori pora olishda ayblandi
2018 yilning yanvaridan joriy yil yoz oyiga qadar O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan Otabek Murodov 20-iyun kuni o‘z lavozimidan ozod etildi.
21 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Senatning 20-yalpi majlisidagi chiqishida sobiq bosh prokurorni tanqid qilib, uning poraxo‘rlikda ayblanayotgani va unga nisbatan jinoiy ish ochilganligini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati Otabek Murodovning avvalgi sobiq bosh prokuror, DXXning sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida tergov qilinayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa, prezident matbuot xizmati Murodovning ishdan olinishi O‘zbekiston konstitutsiyasining 93 modda, 12-bandiga muvofiq ekanligini bildirdi.
Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari pora bilan ushlandi
Yunusobod tumani hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.Zohidov ta’magirlik yo‘li bilan pora olayotganda ushlangan.
U o‘zboshimchalik bilan qurilgan ko‘chmas mulkka huquqni tan olish to‘g‘risidagi hokim qarorini chiqarishda yordamlashishga va’da berib, 5 ming dollarni qo‘lga kiritayotganida tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. 2019-yil 11-oktabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Erkin Zohidovga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (ta’magirlik yo‘li bilan pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
DXX sobiq raisi 18-yilga qamaldi
Davlat xavfsizlik xizmati sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 18-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilish, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Zominda sodir etilgan yirik o‘g‘rilik
2019 yil 6-iyun kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanida yashovchi 38 yoshli M.E. o‘z uyida sodir bo‘lgan katta o‘g‘rilik yuzasidan IIBga murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 5-iyun kuni soat 20:00 dan 23.00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 27 yoshli T.U jabrlanuvchining uyi deraza oynasini sindirib kirib, mehmonxonasidan 15 mln. so‘m miqdordagi pul, 650 AQSh dollari va 2 turdagi zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab, voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida o‘g‘ri qo‘lga olindi.