TOShKENT, 31 okt - Sputnik. AQSh hukumati Rossiya va Xitoyni "ushlab turishning" yangi strategiyalarini ko‘rib chiqmoqda, ulardan biri Qrimga hujumni, ikkinchisi - Rossiya Uzoq Sharqiga tajovuzni nazarda tutadi. Bu haqda Foreign Policy nashri maqola e’lon qilgan, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Maqola mualliflarining ta’kidiga ko‘ra, AQSh ayni vaqtda "buyuk derjavalar raqobati davri"ga tayyorgarlik ko‘rishga urinmoqda. Shunday voqealar fonida Qo‘shma Shtatlar hukumatidagi ayrim "obro‘li ovozlar" "gorizontal eskalatsiya va katta chiqimga duchor qilish strategiyasi"ni taklif etishmoqda, deb xabar qilgan Foreign Policy.
Loyiha maqsadi shundan iboratki, amerikaliklar Xitoy va Rossiyaga jiddiy ziyon yetkazish uchun o‘zining dunyoning istalgan nuqtasiga kirib borish kabi "cheksiz imkoniyatidan" foydalanishi mumkin.
Jumladan, Rossiya tomonidan Boltiqbo‘yi okkupatsiyasi yuz beradigan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar Qrim yoki Suriyadagi Rossiya qo‘shinlariga zarba berishi mumkin. Bundan maqsad, uzoq masofada joylashtirilgan kuch va vositalarni yo‘q qilish va qo‘lga olish tahdidi orqali raqibni hujumdan tiyib turish va o‘zining dastlabki maqsadlaridan voz kechishga majbur etish, deyiladi maqolada.
Agressiv variantlar ichida – amerika ittifoqdoshlarini himoya qilish bahonasida, Xitoy va Rossiyaga ularning "zaif periferiyalari" bo‘ylab, jumladan, Uzoq Sharq yoki XXR g‘arbiy hududlariga hujum qilish rejasi mavjud. Yoki bo‘lmasa strategik salmoqqa ega bo‘lgan markazlar, masalan, davlat boshqaruv apparati yoki jamiyat uchun muhim bo‘lgan iqtisodiyot obyektlari egallab olinishi mumkin, deb qayd etgan nashr.
Ammo bu konsepsiya muvaffaqiyatli kechishi imkonsiz, uni qo‘llash esa, fojiaviy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deya qayd etadi maqola muallifi. Sababi, Rossiya va Xitoyning eskalatsiyaga javob qaytara oladigan, shu jumladan, yadroviy qurolni qo‘llash usuli singari ko‘plab imkoniyatlarga ega.
Sal oldin NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans "kelajakka tayyor bo‘lishi uchun" ittifoqdoshlarni mudofaa harajatlarini oshirishda davom etishga chorlagan edi.
Rossiya TIV, o‘z navbatida, NATO mamlakatlarining mudofaa harajatlari izchil oshirilishi istiqbolda yangi qurollanish poygasini vujudga keltirishidan tashvishdaligini bildirdi. Vazirlik ta’kidiga ko‘ra, "2019 yilda (harajatlar) umumiy hisobda bir trillion AQSh dollaridan ortadi, bu esa ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan umumdunyoviy harajatlarning yarmidan ko‘pini, bundan tashqari, Rossiya mudofaa budjetidan 20 marotaba ortiqni tashkil qiladi".