TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Bosh prokuratura Kamolon mahallasida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyati yuzasidan bayonot berdi.
Xabarda yozilishicha, 05-oktabr kuni soat taxminan 04:30larda Shayxontohur tumani, Kirkiy ko‘chasida joylashgan uyning yotoqxonasidan, shu xonadonda istiqomat qilib kelgan Abbos A.ning (1993 y.t., XATB “Universal bank” Toshkent filiali bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan) murdasi bo‘yin sohasidan dazmol shnuri bilan bo‘g‘ilgan holatda topilgan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Abbos A.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan bo‘g‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuz berganligi aniqlangan.
Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, Kamola A. turmush o‘rtog‘i Abbos A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi Otabek X. bilan jinoiy til biriktirgan. Otabek X. 04-oktabr kuni soat 19-00larda Abbos A.ning yashash uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkinib olgan va Kamola A. bilan uning turmush o‘rtog‘i Abbos A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutgan.
05 oktabrga o‘tar kechasi soat 00-30larda yotoqxonaga kirib, Abbos A. uyg‘oq bo‘lganligi sababli uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarbalar bergan. So‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlagan.
Natijada, Abbos A. o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtida Kamola A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuz qismiga yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitib, Abbos A.ni qasddan o‘ldirgan.
So‘ngra, Otabek X. xonadonda bo‘lgan marhum Abbos A.ga tegishli 2 ta telefon, 500 dollar va 110.000 so‘m pullarini hamda jinoyat izlarini yashirish maqsadida sherigi Kamola A.ga tegishli 1 dona telefon va tilla taqinchoqlarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan.
Kamola A. esa jinoyati fosh etilishini oldini olish va javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida shu kecha unga va turmush o‘rtog‘iga nisbatan noma’lum shaxslar tomonidan bosqinchilik sodir etilganligini aytib, marhumning ota-onasini o‘yg‘otgan.
Tergov davomida Otabek X.ning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv davomida Abbos A.ning uyidan olib ketilgan tilla buyumlar yerto‘laga yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ish bo‘yicha Otabek X. va Kamola A.lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan ayblov e’lon qilingan va ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan.