TOSHKENT, 14 fev - Sputnik. Toshkentning Yunusobod tumanida 15 yoshli qizning qotili aybiga iqror boʻldi, deb xabar qildi “Nuz.uz”.
Oʻtgan hafta Toshkentning Yunusobod tumanida boʻgʻib oʻldirilgan maktab oʻquvchisi bilan bogʻliq qotillik butun Oʻzbekistonni larzaga solgan edi.
Gumonlanuvchining koʻrsatmalaridan maʼlum boʻlishicha, 6 fevral kuni qiz onasiga tobi yoʻqligini aytib, maktabga bormagan. Onasi qizning ukasi bilan ishga ketgan. Uyda oʻgay akasi qolgan. U singlisi qayergadir ketmoqchi ekanligini, onasini aldaganligini, aslida soppa-sogʻ ekanligini sezib qoladi. Ular oʻrtasida janjal kelib chiqadi. Yigit singlisining qoʻlidan telefonini tortib olgan, u yerda esa qiz va uning doʻsti ishtirokidagi axloqsiz videoni topib olgan. Jahl ustida yigit qoʻliga tushgan buyumni — sochni jingalak qilishga moʻljallagan moslamani (ployka) olib, uning simi bilan singlisini boʻgʻa boshlagan.
Qiz nafas olmayotganiga ishonch hosil qilgach, yigit jasadni oʻzlari yashaydigan koʻp xonadonli uyning yertoʻlasiga yashirishga qaror qilgan. Kunning qolgan qismini u internet-klubda oʻtkazgan. Bundan avval esa u singlisining telefonini “Malika” savdo markazida sotib yuborgan, ploykani esa uy yaqinidagi ariqqa tashlab yuborgan.
Kechqurun ona qizi uyda yoʻqligi koʻrib, unga qoʻngʻiroq qilgan, ammo hech kim javob bermagan. Qizning uyga kech kelgan holatlari ham boʻlgan. Ertalab ham qiz uyga kelmagan. Ona esa qizi kun davomida uyga qaytishiga umid qilgan. Ammo keyingi kuni kechqurun ayol qizining jonsiz tanasini oʻz xonadoni ostonasidan topgan.
Qizning akasi jasadni eshik tagiga oʻzi qoʻyib ketganini, shu tariqa esa uni nomaʼlum shaxslar podezdda boʻgʻib oʻldirganday koʻrsatmoqchi boʻlganini tan oldi. Soʻroq paytida yigit singlisi ular oilasini sharmanda qilganligini, uning telefonidan topilgan video soʻnggi tomchi boʻlganligini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, unga nisbatan Toshkent prokuraturasi mazkur qotillik yuzasidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam oʻldirish) bilan jinoiy ish qoʻzgʻatgan.