TOShKENT, 31-may - Sputnik. Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yashovchi Zuhra Umarova kelinligining o‘ninchi kunida eri tomonidan ayovsiz kaltaklanishi oqibatida tuman kasalxonasining jonlantirish bo‘limiga tushdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Jabrdiydaning aytishicha, mash’um kecha eri "muzqaymoq olib kelish" bahonasida uydan chiqib ketib, mast holatda qaytib kelgan va janjal boshlab, uni shafqatsizlarcha kaltaklagan.
Zuhra eshik ichkaridan eri tomonidan yopib qo‘yilgani tufayli qaynonasi unga yordamga kelolmaganini aytadi.
O‘lgudek savalangan va hushini yo‘qotgan yosh kelinchak qo‘shni tomonidan kasalxonaga olib borilgan.
"Meni hatto tuqqan onam tanimadi", - yig‘laydi Zuhra. Ayolning yuzlari shishib ketgan, ko‘zlari qontalash va deyarli ochilmaydi.
Kelinchakning onasi esa kuyovi ichki ishlar bo‘linmasiga olib borilgach, bir ozdan so‘ng u yerdan qo‘yib yuborilganini hikoya qildi. Huquq muhofazasi idorasi ostonasini tark etayotgan "kuyov" shu yerda turgan qaynonasini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan qattiq haqoratlagan.
Zuhraning onasi shuningdek, ichki ishlar organi xodimlari "qizingizni o‘z pulingizga davolating, u oiladan pul so‘rab yurmang, bo‘lmag‘ur oila" deya maslahat berishganini qo‘shimcha qildi.
"O‘zingizga qimmatga tushadi" degan so‘zlardan so‘ng ona o‘z jigarbandini hatto tibbiy ekspertizadan ham o‘tkaza olmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva Sputnik muxbiri bilan suhbatda "qo‘mita O‘zbekiston ayollari bilan ochiq muloqotni boshlagach, maishiy zo‘ravonlik masalasi mamlakatda qanchalik chuqur ildiz otganini tushunganini" aytgan edi.
O‘zbekistonda bugun zo‘ravonlik qurbonlari uchun shelterlar, ya’ni boshpanalar tashkil qilinmoqda. Zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan ayollar uchun 1146 qisqa ishonch raqami ishga tushirilgan bo‘lsada, shafqatsizlik qurboniga aylanayotgan ayollarning aksariyati bu haqda hatto bilmaydi.
Zuhra Umarova Xotin-qizlar qo‘mitasi u bilan yuz bergan hodisaga bee’tibor bo‘lmasligiga umid qiladi.