TOShKENT, 2 okt – Sputnik. O‘zbekistonga sayyohlik maqsadida kelgan qozog‘istonlik Sholpan Yesmuxambetova ismli ayol O‘zbekiston havo yo‘llari, Samarqand va Toshkent aeroportlari hamda Toshkent aeroportidagi valyuta ayirboshlash shaxobchasini keskin tanqid qildi.
Hammasi Samarqandda boshlandi. Tun soat 2da Toshkentga uchish uchun aeroportga kelgan sayyoh u yerda samolyot yo‘qligidan xabar topadi. Qandaydir sababga ko‘ra samolyot Turkiyada ushlanib qolgan. Shundan so‘ng u Samarqand aeroportida sarosimaga tushib qolgan bir guruh xorijiy turistlarni ham ko‘radi.
Bir iloj bilan aeroport kassasidan 60 ming so‘m tovon puli olib mehmon taksilar stoyankasiga boradi va Toshkentga yetib keladi. Toshkent aeroportida bumlarini vaqtincha saqlash xonasiga qo‘yib o‘z ishlari bilan shaharga chiqmoqchi bo‘lganida, aeroportda umuman saqlash xonasi yo‘qligidan xabar topadi.
Buyumlarini aeroport smenasi boshlig‘i xonasiga qoldirib pul almashtirmoqchi bo‘ladi. Lekin bu yerda ham mehmonni “syurpriz” kutayotgan edi. 24 soat ishlashi kerak bo‘lgan valyuta ayirboshlash shaxobchasida hech kim yo‘q edi. Ayol bir guruh turistlar bilan kechikayotgan Milliy bank xodimini kutib turishiga to‘g‘ri keladi.
Hikoya oxirida, O‘zbekiston hukumati turistlarni jalb qilishga bor kuchi bilan harakat qilayotgan bir paytda aviakompaniya va aeroportlar bunday ishlashi mutlaq aksincha natijaga olib keladi, deb xulosa qilgan qo‘shni davlatdan kelgan mehmon.
O‘z navbatida O‘zbekiston havo yo‘llari ham yo‘lovchining ushbu e’tirozlariga javob qaytargan. Aviakompaniya haqiqatdan ham Istambul – Samarqand parvozi texnik sabablarga ko‘ra ushlab qolinganini va shu sababli Samarqand – Toshkent parvozi amalga oshirilmaganini aytib yo‘lovchidan o‘zr so‘ragan.
Shu bilan birga aviakompaniya shunday vaziyatlarda yo‘lovchiga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan barcha xizmatlar ko‘rsatilganini va taklif qilinganini ham aytib o‘tgan.