O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tomonidan Oskar mukofotining "Eng yaxshi xalqaro badiiy film" nominatsiyasiga "Issiq non" badiiy filmi taqdim etilgan. Avvalroq, film Rossiyaning navbatdagi "Kinoshok" kinofestivalida Gran-pri hamda unga bastalangan musiqa va eng yaxshi ayol roli uchun mukofotlarni qo‘lga kiritgandi.
Rejissor film unga yoqqani va umuman olganda, kinodagi umumiy yondashuv, undagi rostgo‘y, insonparvarlik ruhida aks ettirilgan g‘oyalar tomoshabinni maftun etishini bildirdi. Eng asosiysi, deydi Malikov, bu film zamonaviy o‘zbek voqeliklariga haqqoniy nazardir.
"Umuman olganda, "Issiq non" - o‘zbek kinomatografiyasi uchun katta yutuq. Fikrimcha, unda namoyish qilingan hayot voqeliklariga sof, real qarash tomoshabinni ayniqsa jonlantiradi. Lenta tamoman zamonaviy kino tilida tushirilgan. Film mavzusi - moliyaviy qiyinchiliklar orqasidan qulayotgan, jamiyatning bir bo‘lagi boshidan kechirayotgan fojea - zamonaviy o‘zbek qishloq hayoti uchun aktual, bunga shubha yo‘q. Filmni, men o‘zbek kinematografiyasi uchun katta jasorat, deb ta’riflay olaman”, - deydi Rashid Malikov.
Ushbu filmning "Oskar"ni olishga imkoniyatlari borasida fikr yuritar ekan, rejissor, bunday imkoniyat O‘zbekiston uchun, har qanday boshqa nominant uchun bo‘lgani singari, albatta, bor, deydi.
"Menga qolsa, O‘zbekiston uchun bu mukofotni qo‘lga kiritishning imkoniyati bor-yo‘qligi haqida emas, mamlakatda Oskar qo‘mitasining tashkil etilganligining o‘zi katta yutuq. Mazkur institutsional tuzulmaning vujudga kelgani muhim. Chunki bu qo‘mita bo‘lmasdan, "Oskar"ga da’vo qilish mumkin emasdi", - deya savolga xulosa qiladi u.
Fikrining davomida, "jahon kinematografiyasidagi tendensiyalarga asoslanib shuni aytish mumkinki, AQSh kinoakademiyasi bugungi kunda "Oskar"ni - meynstrimni yorita olgan kartinalar bilan ulashayotganligi kuzatiladi. "Issiq non", bu ma’noda, o‘zida meynstrimni mujassam etgan puxta va kam budjetli filmdir".
So‘zining yakunida, Rashid Malikov yosh o‘zbek rejissori Umid Hamdamovning ijod mahsuli "Oskar" short-listiga kira olishiga umid bildirib, unga zafarlar tilab qoldi.
"Oskar"ning navbatdagi sohiblari 2020-yil 9-fevralda ma’lum bo‘ladi. Mukofotlash marosimi Los-Anjelesning mashhur Dolby teatrida bo‘lib o‘tadi.