TOShKENT, 11 sen - Sputnik. Toshkent IIBB Shayhontohur tumanidagi 4 qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan xonadondan ichida yirik miqdorda valyuta bo‘lgan seyfni bosqinchilik yo‘li bilan o‘margan jinoyatchilarning to‘rt nafarini qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jinoyat sojir etilgach, holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Bosqinchilik" (164 moddasi 4 bandi) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va unga ko‘ra jinoyatchilar 20-yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin edi.
Toshkent shahar IIBB insonparvarlik nuqtayi nazaridan jinoyatchilarga murojaat qilgan va agar ular ichki ishlar bo‘limiga kelib taslim bo‘lsalar, ularga beriladigan jazo yengillashtirilishini ma’lum qilgan edi. Ammo jinoyatchilar bu chaqiriqni inkor etgan.
IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni sodir etgan jinoyatchilar shaxsi aniqlashtirilgan. Ularning barchasi muqaddam sudlangan shaxslar ekanligi aytilmoqda.
Shulardan 29 yashar Anvar yashnobodlik, 54 yashar Mirhomid Shayhontohur tumanidan, 44 yashar Botir uchtepalik, 39 yashar Najmiddin olmazorlik ekani aniqlangan.
Jinoyatchilar yonlaridan ashyoviy dalil sifatida pullarning bir qismi, niqoblar va qo‘lqoplar topilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat sodir etilgach, bosqinchilardan biri internetda IIBBning o‘z xohishi bilan taslim bo‘lish e’lonini ko‘rgan va ular o‘rtasida kelishmovchilik ro‘y bergan.
Shundan so‘ng jinoiy guruhning ikki nafari qochib ketgan.
Toshkent IIBBda ular Qozog‘iston chegarasidan qachon va qayerdan kesib o‘tganligi haqida ma’lumot bor. Ular borasida tezkor-qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.