TOShKENT, 27 avg - Sputnik. Lola Karimova-Tillayeva otasi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni yodga oldi. "Ushbu sanaga yaqinlashgan sari qalb og‘rig‘i kuchayaveradi...", deya boshlagan o‘z xotirasini Karimova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.
"Karimov Fondining arxivi bilan ishlar ekanman, o‘tmishdagi voqealar men uchun mutlaqo o‘zgacha tus oladi. Endilikda men barchasiga davlat ishlari bilan uzluksiz band bo‘lgan, butun bir mamlakat va uning har bir tarkibiy qismining hayoti bilan yashagan insonning farzandi sifatidagina emas, balki ushbu mamlakat fuqarosi nuqtayi nazaridan ham qarayapman. Otamning yosh, kuchga to‘la bulgan davrlarini, u o‘zi ham yonib-kuyib, butun xalqni ham o‘z so‘zlari bilan to‘lqinlantirgan videolavhalarni ko‘zdan kechirar ekanman, beixtiyor hayolimga bu onlar behuda yashab o‘tilganmikan, degan savol keladi.
Men bu videolavhalarni ham mehr, ham qayg‘u xissi bilan ko‘raman. Otam naqadar idealist inson bo‘lganlari, davlat arbobining oliy maqsadlari, prinsiplar va oliyjanoblik kabi tushunchalarga astoydil ishonganlari, yonlaridagi insonlarga ishonch bildirganlari va istiqlol yillari o‘zlari tarbiyalagan yosh avlod mustaqil fikr yurituvchi shaxslar bo‘lib yetishishiga umid qilganlarini o‘ylayman.
Ular buni menga ham o‘rgatar edilar, ko‘pincha o‘z misollarida. Bir necha bor fikrlari ommaviy yoki nufuzli manbalar fikriga qarama-qarshi bo‘lganda ham, bu ularni umuman qo‘rqitmagan. Aksincha, ular o‘z aytgan so‘zlariga astoydil ishonar va ishonchlari komil bo‘lgan ishni qilar edilar.
O‘z xalqlarini juda yaxshi ko‘rganlar. Lukasheko ularning vafotlaridan so‘ng aytganidek, “u o‘z o‘zbeklarini juda yaxshi ko‘rar edi”. Bu so‘zlar zamirida butun bir haqiqat mujassam va ularning kuchlari ham aynan shunda edi.
Men o‘tmishdagi voqealarga xolis nazar bilan qarashga harakat qilaman - o‘tmishni oq-qora rangga bo‘yab, hukm chiqarish uchun men kim bo‘libman. Bu dunyoda voqealar faqatgina o‘ziga ma’lum bir reja asosida rivoj topadi, vaqt esa ularning guvoh va ishtirokchilarini almashtirib o‘taveradi. Biz taqdirimizni tanlamaymiz; men hozir tarixiy deb atash mumkin bo‘lgan turli xil muhim voqealarni ko‘rganman va boshdan kechirganman - qayta qurish davridan boshlab, Sovet Ittofoqi parchalanishi, yangi davlatning barpo etilishi va hattoki O‘zbekiston bayrog‘ining yaratilish jarayoni. Sizga kichik sirni ochaman, bayroq loyihasi otam tomonidan mening akvarel bo‘yoqlarim bilan chizilgan edi. Ammo, bu albatta, butunlay boshqa voqea va uni ham balki hikoya qilib berarman.
Fikrimcha, shaxsiy hikoyalarning o‘rni muhimroqdir, chunki ular insonning chinakam fazilatlarini aks etadi. Ularning ko‘pi bolalik davridan.
Kuni kecha eslagan va xotiramga chuqur o‘rnashgan ushbu voqeaga 30-yil bo‘libdi, lekin hammasi xuddi kechagidek…
Otam respublika rahbari etib tayinlanganlaridan so‘ng biz keng bo‘lsa ham kvartiramizdan Do‘rmon qarargohida joylashgan katta uyga ko‘chib o‘tdik. Hali ham yodimda, ko‘chib o‘tgan kunimizning ertasiga tong sahardan meni derazadan kelayotgan supurgi ovozi uyg‘otib yubordi.
Yosh bolamasmanmi, atrofdagi barcha narsalar, uy, bog‘ni ko‘rishni, yangi insonlar bilan tanishishni istar edim.
Shosha-pisha stoldan bir narsani oldim-u, eshik tomon otildim. To‘satdan meni otamning jiddiy ovozi to‘xtatdi. "Sen bilan gaplashmoqchiman", –dedilar, sokin, ammo jiddiy ovozda. Ohanglaridan suhbat muhim narsa haqida bo‘lishini angladim.
Otam derazaning pardalarini ochib, uzun supurgi bilan uyimiz zinalarini tozalayotgan insondan ko‘zlarini uzmasdan: "Shu insonni ko‘rapcanmi? Odamlar bilan o‘zingni hamisha shunday tutginki, bir kun kelib, men katta mansabda bo‘lmagan paytlarda ham, har bir insonning ko‘ziga tikka qaray olishingni, xulq-atvoring uchun hech qachon uyalib qolmasligingni istayman", – dedilar.
Siz bergan darsni men o‘zlashtirdim, otajon, va buni farzandlarimga ham o‘rgatampan.
… va qilgan mehnatlaringiz behuda bo‘lmaganiga men ishonaman.