TOShKENT, 4 sen – Sputnik. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov o‘z vasiyatiga binoan Samarqandda, qadimiy Hazrat Hizr masjidi yoniga dafn etilgan. Islom Karimov maqbarasi qurilishida bevosita ishtirok etgan Lola Karimova-Tillayeva maqbara qurilishi haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.
“Otam qabrlari ustiga bunyod etilgan maqbaraning barpo etilishi haqida so‘zlab bermoqchiman.Qadimiy Hazrat Xizr masjidi YuNESKO himoyasida bo‘lganligi uchun, mening oldimda, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili sifatida, maqbara barcha meyorlarga javob bergan holda qurilishi zarurligi vazifasi turar edi.
Maqbarani loyihalash va qurish jarayonida yangi obida me’moriy yechimi Hazrati Xizr masjidiga uyg‘un bo‘lishiga, shu bilan birga, YuNESKO butunjahon meros obyekti tarixiy ko‘rinishini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratildi.
Balandligi 7,55 metr bo‘lgan inshootning gumbazi Hazrati Xizr masjidi kabi qirrador sirli koshinlar bilan qoplangan. Maqbara peshtoqini bezashda esa rango-rang bo‘rtma koshindan foydalanilgan. Inshootning quyi qismi to‘q yashil marmar, yuqorisi esa o‘yma sopoldan ishlangan iroqi uslubidagi belbog‘ bilan ziynatlangan.
Maqbaraga janubi-sharqiy tomondan kiriladi. Obida eshigi ustiga Qur’oni karim oyati arab tilida, suls xatida nafis naqshu nigor uyg‘unligida bitilgan. Oyatning tarjimasi bunday: “(Ularga) rahmli Parvardigorlari tomonidan salom (aytilur) (“Yosin” curasi, 58-oyat).
Maqbaraning orqa devori arkasiga “Shuaro” surasining 109-oyati bitilgan.
Ikki tabaqali eshikka Samarqand yog‘och o‘ymakor ustalari usulida Qusam ibn Abbos maqbarasidagi kabi uch sathli naqsh solingan. Peshtoqlar markazidagi arkalarni handasaviy naqshli marmar panjaralar bezab turibdi. Ichki tomondan esa uch qavatli shaffof oyna o‘rnatilgan. Bu esa maqbara ichiga yorug‘likning bir maromda tushishini ta’minlaydi.
Maqbaraning ichki qismi an’anaviy usulda bezatilgan. Inshootning to‘rtala tomonidagi yarim metrli o‘yiq me’moriy shakllar unga ayricha ko‘rkamlik baxsh etgan. Peshtoq arkalari orasidagi mo‘’jaz qubbalarga kundal uslubidagi naqshu nigor va zar bilan jilo berilgan. Gumbaz osti aylanasiga ko‘rk bag‘ishlagan iroqi uslubidagi belbog‘ XIV-XVIII asr Samarqand va Buxoro me’morchiligida keng qo‘llanganini aytish joiz.
Inshoot ichki qismini bezashda Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlardan keltirilgan turfa rangdagi toshlar qadalgan oq marmar istifoda etilgan. Yorug‘lik tuynuklari tegrasi “guldasta” deb atalgan ustunchalar bilan o‘ralgan. Devorning pastki qismiga och yashil rangli aqiq va girih uslubidagi murakkab qirqma handasaviy naqshlar ziynat berib turibdi.
Markaziy arkaga suls va kufiy xatida Qur’oni karimning “Najm”, “An’om”, “Sho‘ro”, “Fotir” suralaridan oyatlar bitilgan bo‘lib, ular zar bilan qoplangan. Arka tuynuklarini bezashda esa islimiy uslubidagi qirqma naqshlar va turfa rangdagi qimmatli tabiiy toshlardan foydalanilgan.
Gumbazning ichki qismi kundal uslubidagi naqshu nigor va zar bilan ziynatlangan. Obidaning ichki va tashqi bezagiga oid har bir badiiy element O‘rta Osiyo va Samarqand an’anaviy maktab va uslublariga tayanilgan holda maxsus ishlangan.
Maqbara o‘rtasidagi qabr toshi aqiqdan bo‘lib, uning tegrasida Qur’on oyatlari va Amir Temur hamda Temuriylar davriga oid yozuvlar bitilgan.
Me’moriy majmuani bunyod etishda ko‘rsatilgan yordam uchun Birinchi Prezident bevasi – oyim Tatyana Akbarovna Karimovaga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasiga, YuNESKOning Butunjahon merosi markaziga hamda Yodgorliklar va tarixiy maskanlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro kengashga (IKOMOS) o‘z minnatdorligimni izhor etaman.
Otamning maqbaralarini barpo etishda ishtirok etgan barcha insonlarga, me’mor va quruvchilarga samimiy tashakkurimni bildiraman”, — deyilgan Lola Karimova-Tillayeva xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Samarqanddagi Islom Karimov xotira majmuasi 2017-yilning 2-sentabr kuni ochilgan edi. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekistonga 25-yildan ortiq rahbarlik qilgan.