TOShKENT, 17 avg - Sputnik. O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi "Oqqo‘rg‘on dehqon bozori"da savdo qiluvchi ayollar va ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida yuz bergan mojaro yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, janjal "Oqqo‘rg‘on dehqon bozori" hududida fuqaro Davron Qurbonov tomonidan qurilayotgan ikki qavatli savdo majmuasi tufayli kelib chiqqan. Qurilish ishlari boshlanganida shu yerda poliz ekinlari va oziq-ovqat mahsulotlarini sotib o‘tirgan E.A., Yu.A. va N.B. ismli ayollar devor qurilsa, savdolari yurishmasligini aytib, jamoat tartibini buzishgan. Ular baqir-chaqir qilib, ustalar va bozor rahbarini haqorat qilishgan va qurilayotgan devorni buzib tashlashgan.
Mazkur holat bo‘yicha bozor ma’muriyati tomonidan tuman IIB navbatchilik qismiga xabar kelib tushgach, Oqqo‘rg‘on tumani IIB xodimlari va hududiy profilaktika inspektori tartibbuzarlikni bartaraf etish maqsadida, hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib borishgan. Bozorda savdo qiluvchi yuqorida sanab o‘tilgan ayollar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatishgan.
Shundan so‘ng, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqarolar: E.A., Yu.A. va N.B.larning tartibbuzarlik sodir etishlarini oldini olish choralari ko‘rilgan.
"Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, ichki ishlar organlari xodimlari bozor hududida tartibbuzarlik sodir etayotgan fuqarolarga imkon qadar xushmuomalalik bilan murojaat qilishgan. Ammo, ayollar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, jamoat tartibini buzishga qaratilgan o‘z xatti-harakatlarini davom ettirganliklari sababli, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarga chek qo‘yish maqsadida huquqbuzarlarni tuman IIBga olib borish choralari ko‘rilgan va surishtiruv ishlari olib borilgan", - deyiladi IIV rasmiy bayonotida.
Ularni maxsus avtomashinaga olib chiqilayotgan holati shu atrofda jarayonni kuzatib turgan fuqarolar tomonidan qo‘l telefoni orqali tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.
Voqea sodir bo‘lgan kuni tuman hokimi va uning o‘rinbosari - xotin-qizlar qo‘mitasi raisi shu yerdagi ayollar bilan suhbatlashgan va ushbu ayollar ayni vaqtda o‘z yumushlari bilan mashg‘ul, deyiladi xabarda