TOShKENT, 10 avg - Sputnik. O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev yangi hisobga olish uskunalari aniq ishlamayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. U shuningek, o‘rnatilgan hisoblagichlar to‘g‘ri ishlayotganiga shubha bilan qaragan iste’molchilarga bu kabi holatlarda qanday ish tutish mumkinligi haqida maslahat berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida eski hisoblagichlardan farqli o‘laroq, yangi o‘rnatilayotgan uskunalar iste’mol qilinayotgan energiyani haddan ziyod ko‘p hisoblab yuborayotgani haqidagi xabarlar qizg‘in muhokama qilinmoqda. Shu munosabat bilan tashkil etilgan brifingda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev bunday holatlarning ommaviyligini inkor etib, har bir holat bo‘yicha alohida shug‘ullanish va’dasini berdi hamda uskuna to‘g‘ri ishlayotganiga iste’molchilarda shubha tug‘ilgan taqdirda qanday yo‘l tutmoqlik borasida maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Murojaatlarning birinchi va asosiy kategoriyasi ushbu hisoblagichlarni o‘rnatayotganlar bilan bog‘liq. Go‘yoki ular o‘z ishini xato bajargan. Biz har bir murojaat bilan alohida shug‘ullanyapmiz. Shuningdek, iste’molchilar hisoblagichlar noto‘g‘ri ishlayotganidan ham arz qilmoqda, ya’ni ular nazdida uskunalar keragidan ortiq hisoblab yubormoqda. Lekin, to‘g‘risini aytsam, men bunga ishonmayman. Har bir hisobga olish uskunasi korxonada sertifikatsiyadan o‘tadi va busiz u chiqarilmaydi. Bundan tashqari, biz elektr energiyasini o‘g‘irlashning turli variantlarini va sanksiyalanmagan iste’molchilarning ulanib olishlarini ham hisobga olishga harakat qildik. Uskuna ochilgan taqdirda, u shu zahoti qayddan o‘tadi, biz har bir ulanish va bajarilgan harakat ustidan nazorat olib borib, qoidabuzarlik ro‘y bergan holatlarda buni aniqlay olamiz. Shuni ham unutmaslik kerakki, 30 va undan ortiq yillar davomida xizmat ko‘rsatgan eski schetchiklar, vaqt o‘tishi bilan ta’sirchanligini yo‘qotadi va shu bois iste’mol qilinayotgan barcha energiya ham ular tomonidan hisobga olinmagan", - deya tushuntirdi Xodjayev.
U shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish uskunalari har 10-yilda bir marotaba tekshiruvdan o‘tkazilishini, bunda iste’molchi uskunani shaxsan olib borish va to‘lov kabi masalalardan ozod etilishini qo‘shimcha qildi. Agar iste’molchi hisoblagich ishini noto‘g‘ri, deb baholayotgan bo‘lsa, u tekshiruv o‘tkazish va asosli e’tirozlar bildirishga haqli.
"Uskunani o‘rnatgan kompaniyaga murojaat qiladi, kompaniya hisoblagichni yechadi va iste’molchiga topshiradi. Iste’molchi shaxsan uskunani "O‘zstandart"ning istalgan bo‘linmasiga metrologik ekspertizaga olib boradi. Tekshiruv uning guvohligida amalga oshiradi, natijalari bo‘yicha kvitansiya beriladi. Agar hisoblagich rostdan oshirilgan ko‘rsatmalarni berayotgan bo‘lsa, fuqaro tarmoq kompaniyasidan qarzdorlikni qayta hisoblash va ekspertizaga ketgan harajatlarni qoplash uchun kompensatsiya talab qilishga haqli. Agar uskuna soz bo‘lsa, iste’molchi o‘z pullarini yo‘qotadi, hisoblagich esa joyiga o‘rnatiladi", - deya tushuntirdi Xodjayev.
Energetika vaziri o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, aqlli deb nom olgan hisoblagichlarda "brak" holatlari istisno etilmagan, faqat u boshqa turda bo‘ladi. Misol uchun, uskunaga mexanik jihatdan lat yetkazilgan bo‘lishi mumkin, lekin bunday holatlarda schotchik energiya iste’moli haqida noto‘g‘ri ko‘rsatma bermaydi yoki oshirib yozmaydi, u shunchaki ishlashdan to‘xtaydi.