TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan yoqilg‘i-energetika va sanoat sohasi tarmoqlarida energiya samaradorligi va tejamkorligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida tilga olingan sanoatni jadal rivojlantirish va yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 40 foizga yetkazish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish evaziga yalpi ichki mahsulot uchun sarflanadigan energiya hajmini taxminan 2 barobar qisqartirishga erishish kerakligi vazifasi muhokama qilindi.
Erishilayotgan bunday yutuqlarda sohaga oid qonunchilik, xususan, «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi va «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunlar hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminarda Oliy Majlis deputatlari, tegishli vazirlik, muassasa, banklar, sanoat korxonalari mutaxassislari, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Seminar qatnashchilari energiyani tejash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmining oshishiga, balki butun iqtisodiyotga ta’sir etishini e’tirof etdilar. Bu esa tejalgan mablag‘larni istiqbolli loyihalarga yo‘naltirishga imkon beradi.
Shu bois sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishida «O‘zsanoatqurilishbank», «Hamkorbank» va «Asaka» banki hamkorlikda «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, «O‘zbekenergo», «O‘zkimosanoat» aksiyadorlik jamiyatlari va yana bir qator tashkilotlarda o‘ttizdan ziyod loyihani amalga oshirdi. Natijada mazkur subyektlarda 152,4 million kilovatt soat elektr energiyasi va 42,6 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.
Ishtirokchilar 2018-yilga borib loyihalar to‘liq quvvatlarda ishga tushishi va ushbu loyihalar ko‘magida 547 million kilovatt soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 214 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga e’tibor qaratdilar.
Seminarda energiya resurslarini qazib olish, yoqilg‘i va elektr energiyasini hosil qilish, undan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun foydalanishda qo‘llaniladigan mavjud standartlar, shaharsozlik normalari hamda tegishli meyoriy hujjatlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, energiya tejamkorligi nuqtayi nazaridan ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Seminar yakunida energiya sarfini kamaytirish samaradorligini oshirishda huquqiy asoslarni zamon talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.