TOShKENT, 2-iyul - Sputnik. Moskva viloyati sudi umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan “GTA to‘dasi” a’zosi tojikistonlik Hazratxon Dodoxonovni yana 20-yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Hazratxon Dodoxonov hibsdan qochishga urinish va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining hayotiga suiqasd qilishda aybdor deb topildi.
Sud ilgari tayinlangan jazoni qo‘shib hisoblab, Dodoxonovni yana uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qildi.
2017 yilning 1 avgust kuni Moskva viloyat sudida jinoiy uyushma, “GTA to‘dasi”ning 5 nafar a’zosi sud binosidan qochishga uringan edi. Ular lift ichida ularni kuzatib kelayotgan soqchilarga (konvoy) hujum qilib, ularning qurolini olib qo‘yib, qochishga urinishgan. Sodir bo‘lgan otishma bir nafar politsiyachi yaralangan. Boshqalari turli darajadagi jarohat olishgan. Uch nafar jinoyatchi otishma chog‘ida yo‘q qilingan. Keyinchalik jinoyatchilardan biri shifoxonada vafot etgan.
2012 yilning mart oyida Ibaydullo Subhanov Moskva viloyatida jinoiy guruh tashkil qilgan. Ushbu guruhga O‘rta Osiyoning 15 fuqarosi kirgan. Guruh a’zolari o‘z boshlig‘iga so‘zsiz itoat etgan. 2012 – 2014-yillar davomida Moskva viloyati hududida guruh tomonidan 15 ta bosqinchilik uyushtirilgan. Bosqinchilik vaqtida 17 kishi o‘ldirilgan, 2 kishi esa qochishga muvaffaq bo‘lgan. Guruh boshlig‘i qo‘lga olish vaqtida qarshilik ko‘rsatgan va yo‘q qilingan. Yana besh sobiq guruh a’zolari Rossiya hududidan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
“GTA to‘dasi” Moskva viloyatida haydovchilarni vahshiylarcha o‘ldirish va tunash bilan shug‘ullanib kelgan uyushgan jinoiy guruhi bo‘lib, asosan M4 "Don" trassasida qotilliklarni amalga oshirgan. Ular qurbonlarining yoshu qari ekanligiga qaramasdan shafqatsizlarcha o‘ldirishgan. Ularning jinoyatlari Grand Theft Auto kompyuter o‘yinidagi singari amalga oshirilgani bois OAV ularni “GTA to‘dasi” deb atagan.
To‘daning omon qolgan a’zolari (Hazratxon Dodoxonov, Anvar Ulugmuradov, Sherozjon Qodirov, Umar Hasanov va Zafardjon Gulyamov) sudning 2018-yil avgust oyidagi hukmi bilan bosqinchilik, noqonuniy qurol tayyorlash, saqlash jinoyatlarini sodir etishda, jumladan, 17 kishini o‘ldirganlikda aybdor deb topilgandi. Ularning barchasi umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingandi. Faqat to‘dasining eng yosh ishtirokchisi Zafarjon Gulyamovga 20-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.