Yevropaliklar - qat’iyatsiz xalq: Rossiyaning PASEga qaytishi uchun ovoz berdilar. Albatta, hali hammasi u qadar yomonmas: Yevropada hali ham mustahkam va qat’iy, shimoliy atlantika insoniyati ideallariga mafkuraviy jihatdan sodiq bo‘lgan davlatlar bor, albatta. Ular mag‘rurlik bilan o‘z prinsiplari va e’tiqodlarini o‘zgartirishni istamadilar.
Estoniya, Gruziya, Latviya, Litva, Polsha va Slovakiya delegatsiyalari Ukraina ortidan PASE sessiyasini tark etishga qaror qildilar. Tegishli bayonot Facebookda Ukraina delegatsiyasi rahbari tomonidan e’lon qilingan.
Bu voqea Parlament assambleyasi Rossiya delegatsiyasining vakolatlarini to‘liq hajmda tasdiqlash haqidagi rezolyutsiyani qabul qilgandan so‘ng ro‘y bergan.
Sal keyin Slovakiya parlamenti spikeri Andrey Danko delegatsiya PASEni Rossiya tufayli tark etgan degan ma’lumotni rad etgan. Danko va PASEda slovakiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Lyubosha Blagining qo‘shma bayonotiga ko‘ra, delegatsiyaning aksariyat a’zosi Rossiya delegatsiyasi huquqlari qaytarilishi uchun ovoz bergan, delegatsiyaning faqat bir a’zosi - Martin Polyachik qarshi ovoz bergan. Xuddi shu Polyachik o‘z mansab vakolatlarini su’iiste’mol qilgan holda, sessiyani tark etgan boshqa olti davlatning qo‘shma hujjatini imzolagan.
Strategik rejalashtirish instituti direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Aleksandr Gusev Sputnik radiosi efirida qator davlatlarning PASE sessiyasini tark etishi - hech qanday mantiq va amaliy ma’noga asoslanmagan namoyishkorona harakat, deya fikr bildirdi.
"Ushbu demarsh hech qanday natijaga olib kelmaydi. Ularning birontasi PASEni tark etishni rejalashtirmayapti, ular o‘z ishini davom ettiradi. Agar ular iyun oyidagi sessiyada ishtirok etishmasa, kuzda o‘tkaziladigan sessiyaga, Strasburgga kelishadi. Va xuddi hozirgidek Rossiya delegatsiyasiga qarshi turishadi ‒ ular aslida erksiz odamlar. O‘sha davlatlar fuqarolari, o‘ylaymanki, ularning unchalik mantiqqa asoslanmagan va konstruktiv bo‘lmagan harakatlariga ishora ko‘rsatishadi", - dedi Gusev.
Eslatib o‘tamiz, bundan besh yil oldin Ukraina va bir qator g‘arbiy mamlakatlar PASEda Rossiya delegatsiyasining vakolatlarini cheklashga da’vat qilishgan va ushbu taklif ko‘pchillik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Shundan so‘ng Rossiya delegatsiyasi ushbu tashkilotni tark etgan edi.