TOShKENT, 26-iyun – Sputnik. Bugun Toshkent shahar jinoyat ishlari sudida O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov va uning sheriklari, jami 13 nafar shaxslar ustidan ayblov hukmi e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda Oliy sud matbuot xizmati.
Sud 2000 – 2015-yillar davomida O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qoidrovni ushbu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarida katta lavozimlarida ishlagan M. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, A. Musashayxov, U. Xurramov, Yu. Gaipov, A. Mirzayev, M. Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib quyidagi jinoyatlarda aybli deb topdi:
- pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi),
- pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi),
- firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi),
- soliq va majburiy to‘lovlardan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi),
- tergov va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi),
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi)
- boshqa hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar.
Olti oy davom etgan, va “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtayi nazaridan taftish qilindi.
Sudning hukmi bilan R. Kadirovga 10-yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima to‘lash jazosi tayinlandi.
Shuningdek, U. Sunnatov 19-yilga, A. Mirzayev 15-yilga, U. Xurramov 14-yilga, J. Fayziyev 13-yilga, L. Musashayxov 13-yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.
Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan R. Kadirov, M. Mirzayev, A. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, U. Xurramov, Yu. Gaipovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.
Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi.
Shuningdek, sud tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.
Sud hukmi e’lon qilingach raislik etuvchi sud protsessi ishtirokchilariga hukmning mazmun-mohiyatini batafsil izohlab berib, shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirdi.