O‘zbekistonda sobiq mahbuslar ustidan ma’muriy nazorat kuchaytirildi. Misol uchun, eski qonun bo‘yicha ularga nisbatan 4ta cheklov amal qilgan bo‘lsa, yangisida bu bittaga ko‘paydi. Biroq, IIV rasmiylari, yangi hujjat mohiyati - sobiq mahbuslar ustidan nazoratni kuchaytirish emas, balki ular erkinligini kengaytirishdan iborat, deya aytishmoqda.
2019-yilning 2-aprelida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat" to‘g‘risida yangi qonunni imzoladi. Ushbu qonunning 17-yil oldin qabul qilingan hujjatdan farqli jihatlari haqida O‘zbekiston IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvohid Ismoilov Sputnik O‘zbekiston muxbiriga so‘zladi.
Sobiq mahbuslar erkin hayotda o‘z "murabbiyiga" ega bo‘ladi
Ismoilovning aytishicha, jazoni ijro etish muassasasidan chiqqan har bir shaxs o‘z hayotini "oq sahifadan" boshlashi uchun O‘zbekistonda imkoniyat yetarli. Ichki ishlar organi xodimlarining asosiy vazifalaridan biri esa bundaylarga yordam berishdir. Shu bois, yangi qonunda Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining vazifalari, haq-huquqlari aniq belgilab berilgan.
Xususan, profilaktika inspektorlari qamoqdan ozod qilingan shaxslarning sud tomonidan (masofaga qarab) belgilab berilgan muddatda yashash joyiga yetib kelganligi, yetib kelgan kundan boshlab, 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi, ichki ishlar organi tomonidan qayta jinoyat (yoki huquqbuzarlik) sodir etmaslik to‘g‘risida ogohlantirilganligi, ishga joylashganligi, ma’lum yashash joyiga ega bo‘lganligi hamda sog‘ligiga oid masalalarda nazorat olib boradi.
Profilaktik tadbirlarga qaramasdan, bir yil davomida ikki marta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga ichki ishlar organlari taqdimnomasiga asosan sud tomonidan 6 oydan 1-yilgacha ma’muriy nazorat o‘rnatiladi.
Agar ma’muriy nazorat o‘rnatilgan davrda shaxs sud tomonidan belgilangan cheklovlarga rioya qilmaydigan bo‘lsa, bu unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 226-moddasiga binoan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, uning jazoga tortilishiga sabab bo‘ladi.
Insonparvarlik mahbuslari
Yangi qonunda ma’muriy nazorat ostiga tushadigan shaxslar toifasiga "o‘ta xavfli retsidivistlar" degan band qo‘shilgan. Boshqa davlatlarda og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ham jazoni ijro etish muassasalarining o‘zida ma’muriy nazorat o‘rnatiladigan alohida toifadagi shaxslar qatoriga kiritilgan.
Ya’ni tuzalish yo‘liga kirmagan bu shaxslar ustidan jazoni ijro etish muassasalaridan chiqqandan keyin yoki jazoni ijro etish muassasalarining o‘zida sud organi tomonidan ma’muriy nazorat o‘rnatiladi. Qamoqdan ozod qilingan shaxs bilan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, uning yashash joyidagi ichki ishlar organlariga xat yuboriladi. U yerda profilaktika xizmati sobiq mahbusning yashash tarzi ustidan nazorat olib boradi hamda sud tomonidan belgilangan cheklovlarga amal qilinishini nazorat qilib boradi.
Aytgancha, avvalgi qonunda alohida nazoratda turadigan shaxslarga sud tomonidan belgilangan cheklovlar 4ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi hujjatda ular bittaga ko‘paydi. Xususan, beshinchi cheklov tariqasida ma’muriy nazoratda turadigan sobiq mahbuslarga belgilangan/belgilanmagan joylarda alkogolli mahsulotlarni iste’mol qilishni cheklash kiritilgan.
Shuningdek, jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan shaxslarning qamoqdan chiqqandan keyin yashash joyiga yetib bormaslik holatlari (yoki nazorat o‘rnatilgan paytlari chet elga chiqib ketishi), sud cheklovida ma’lum belgilangan hududdan chiqib ketmaslik belgilangan bo‘lsa-da, ruxsat olmasdan o‘sha hududlardan sababsiz chiqib ketish holatlari ko‘p bo‘lgani uchun bundaylarga nisbatan qidiruv e’lon qilish tartibi ham yangi qonunda belgilab berilgan.
Sobiq mahbuslar haq-huquqlari
Agar sobiq mahbus belgilanayotgan cheklovlardan norozi bo‘lsa, advokat yollab, bu borada o‘z noroziligini bildirishi mumkin. Har holda yangi qonunda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning haq-huquqlari shuni nazarda tutadi.
Qonunda shuningdek, ma’muriy nazoratdagi shaxsning o‘zi, ish joyi (kollektivi), yashayotgan mahallasi iltimosnomasiga binoan uning muddatdan oldin tuzalish yo‘liga kirganligini inobatga olinib ma’muriy nazorat muddatlarini qisqartirish masalalari ham belgilab berilgan.
Faqat... "tuzalishni" xohlashmayapti
Ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi yangi hujjatning qabul qilinishiga sobiq mahbuslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar foizi hatto o‘n yil davomida deyarli o‘zgarishsiz qolganligi sabab bo‘ldi, deydi Ismoilov.
Xususan, respublikada 5 oylik tahlillar natijalari ayrim jinoyatlarning 30%, hatto 60%gacha qisqarganligini ko‘rsatgan bo‘lsa, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar tomonidan takroran jinoyat qilish holatlari foizi kutilgan o‘zgarishni bermagan. Jinoyatlar sodir etilishi ko‘rsatkichi 10-12 foiz atrofida qisqargan, xolos.
Misol uchun, respublikada 5 oy davomida 4633 nafar ma’muriy nazorat qonuni ta’siri ostiga tushadiganlar IIV tomonidan hisobga olinib, ular bilan tegishli tartibda, yakka va umumiy tartibda profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
Ichki ishlar organlarida hisobda turgan 11 236 nafar ma’muriy nazorat qonuni ta’siri ostiga tushuvchilarning 5456 nafari (65,7 %i)ga qonunda belgilangan tartib-qoidalarga rioya etmaganliklari uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlarining qarorlari bilan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, nazorat ostidagi shaxslarning sud organlari tomonidan belgilangan ma’muriy cheklovlarga rioya qilmaganliklari uchun ularning 1622 nafari ma’muriy, 131 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Albatta, qilgan qilmishi uchun jazoni o‘tagan shaxsga "ma’muriy nazorat" ko‘rinishidagi takroriy jazoning nima keragi bor, degan haqli savol tug‘iladi.
IIV vakillariga ko‘ra, bu tarzda takroriy jinoyatlar sodir etilishining oldini olish mumkin.
Mayli, ma’muriy nazorat kerakli va zarur amaliyot bo‘laqolsin. Shusiz "naroqda" tajriba orttirib kelgan, tinchlik hayotiga ko‘nikmagan va panjara ortidagi o‘zi amal qilib, mutlaq haq deb bilan qoidalarni ozodlikdagi hayotga tadbiq etkisi kelib, erkinlikdan dovdirab qoladiganlar ko‘plab topilishi mumkin. Ma’muriy nazorat ularni mas’uliyatni, nazoratni his etishga undaydi.
Biroq shu o‘rinda boshqa bir savol ham tug‘iladi: respublikada 5 oy davomida ma’muriy nazoratdagilarning 131 ta nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, demak, ushbu qonunning o‘zi jinoyat ko‘payishiga sabab bo‘lmayaptimi?
Bu holatda ko‘ngilga tasalli beruvchi bir narsa bor: har holda "o‘tirib" chiqqanlar jinoyat qilishlari kerak bo‘lsa, uyam ma’muriy nazorat qoidasini buzish bo‘la qolsin...