TOShKENT, 22-iyun - Sputnik. Prezident Vladimir Putin Yaponiya tomonidan bildirilayotgan hududiy da’volarga qaramay, Rossiya Kuril orollaridagi o‘ziga tegishli bayroqni tushirishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
"Yo‘q, bunday rejalarimiz yo‘q", - degan davlat rahbari "Rossiya 1" telekanaliga bergan intervyusida.
Putin shuningdek, Uzoq Sharq, shu jumladan, Janubiy Kuril orollarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ijrosi davom ettirilishini ma’lum qilgan.
"Biz u yerda infratuzilmani rivojlantiramiz. Bilishimizcha, yaqinda aeroport ochildi", — degan prezident.
Ilgariroq, jonli muloqot davomida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Putin muloqotni, shu jumladan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muloqotni davom ettirish uchun, Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashuvni kutayotganini aytgan edi.
Kuril orollari masalasi
Rossiya va Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyin tinchlik bitimini imzolaganicha yo‘q. Bitim imzolanishiga Janubiy Kuril orollari (Kunashir, Shikotan, Iturup va Xamobai) masalasining ochiq qolayotgani asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Tokio 1855-yilda imzolangan Savdo va chegara to‘g‘risidagi ikkiyoqlama traktatga tayangan holda ushbu orollarga da’vo qilmoqda.
Moskva pozitsiyasiga ko‘ra, orollar, urush yakuniga ko‘ra SSSR tarkibiga kirgan va ular ustidan Rossiya suvereniteti hech kimda shubha uyg‘otmasligi lozim.
1956 yilda SSSR va Yaponiya Qo‘shma deklaratsiyani imzolagan, unda Moskva tinchlik bitimi imzolangach, Xabomay va Shikotanni Yaponiyaga berish imkonini ko‘rib chiqishga rozilik bildirgan. Kunashir va Iturup taqdiri haqida hujjatda hech gap aytilmagan. Ammo keyingi muzokaralar bu borada umuman natija bermadi. Tokio pozitsiyasiga AQSh ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligi istisno etilmaydi. Amerika, agar Yaponiya faqat ikkitagina kuril orollarining qaytarilishiga rozilik bildirsa, u holda bu unga Okinavani qaytarishga ta’sir ko‘rsatishi bilan tahdid qilgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
O‘tgan yilning noyabrida Singapurda Rossiya va Yaponiya yetakchilari uchrashgach, kuril orollari masalasi borasidagi jarayonlar ancha faollashgan edi. O‘shanda Yaponiya Bosh vaziri, tomonlar 1956-yilgi deklaratsiya asosida ,muzokaralarni tezlashtirishga kelishgani haqida ma’lum qilgandi. Aytish joizki, shu paytga qadar rasmiy pozitsiyasi - to‘rtala orolni o‘ziga qaytarish va shundan keyingina tinchlik bitimi imzolanishi haqida muzokara o‘tkazish kabi pozitsiyada qat’iy turgan Yaponiya uchun bu o‘ta jiddiy yon berish bo‘lgandi.
Rossiya hukumati esa Yaponiya birinchi galda Ikkinchi jahon urushi yakunlarini, shu jumladan, Janubiy Kuril orollari ustidan Rossiya suverenitetini tan olishi kerakligini bir necha marotaba qayd etgan.